s
USD: Rub: Eur:
2024-12-27 159

Savol: Malaka oshirish davrida xodimga xizmat safari xarajatlari to’lab beriladimi?

Javob: Xizmat safari va malaka oshirish boshqa-boshqa tushunchalardir. MK 280-moddasiga e’tibor bering! Unga ko’ra ish beruvchi, xodim xizmat safarida bo‘lgan davr va xodim ishdan ajralgan holda o‘zi va ish beruvchi uchun majburiy bo‘lgan qayta tayyorlashdan yoki majburiy malaka oshirishdan o‘tgan davr hamda boshqa holatlarda kafolatli to‘lovlarni amalga oshirishi shart.

Bundan tashqari, MK 286-moddasiga ko’ra, ish beruvchi quyidagi hollarda xodimga uning o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq xarajatlarni kompensatsiya qilishi shart:  xizmat safarlarida bo‘lganda,  ish beruvchining yo‘llanmasi bilan kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan o‘tganda.

E’tibor bergan bo’lsangiz, MK 280, 286 va boshqa moddalarda malaka oshirish va xizmat safari alohida-alohida ko’rsatilyapti.  Xizmat safari va malaka oshirish davrida xodimning o‘rtacha ish haqi saqlab qolinadi.

Diqqat! MK 370-moddasiga ko'ra, agar qayta tayyorlash yoki malaka oshirish ixtiyoriy ravishda amalga oshirilsa, ish beruvchi qayta tayyorlash yoki malaka oshirish vaqtida xodimning ish joyini (lavozimini) saqlab turishi shart. Xodimning o‘rtacha ish haqini saqlab qolish masalasi jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatda yoxud mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra hal qilinadi.

MK 287-moddasiga ko’ra, xizmat safari xodimning ish beruvchi farmoyishiga binoan doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirig‘ini bajarish uchun boshqa joyga ma’lum muddatga qiladigan safaridir. Doimiy ishi ko‘chib yurish yoki sayyor xususiyatga ega bo‘lgan xodimlarning xizmat safarlariga chiqishi xizmat safarlari hisoblanmaydi. Ish beruvchi xodimga MK 287-moddasida nazarda tutilgan xizmat safarlari chog‘idagi kompensatsiya to‘lovlarini qoplab berishi berishi shart.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 424-son qaroriga ILOVA “O‘zbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlari to‘g‘risida”gi Nizomga ko’ra, xizmat safari — tashkilot rahbarining buyrug‘iga (qarori, farmoyishiga) asosan xodimning o‘zining doimiy ish joyidan boshqa joyga xizmat topshirig‘ini bajarish uchun ma’lum bir muddatga yuborilishidir.

MK 367-moddasi 3-qismiga ko’ra, malaka oshirish deganda esa xodimning undagi mavjud kasb va mutaxassislik bo‘yicha ishlarni bajarishga tayyorligini tavsiflovchi, xodimning kasbiy bilimlari, malakalari va ko‘nikmalari darajasini takomillashtirish tushuniladi.

MK 290-moddasiga ko’ra, agar ish beruvchining yo‘llanmasi bo‘yicha xodimning kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan o‘tishi boshqa joyga ko‘chishni talab qilsa, xodimga o‘qish joyiga borish va qaytib kelish, shuningdek uy-joyni ijaraga olish xarajatlarining o‘rni qoplanadi.

Jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan ichki hujjatda kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkaga yuborilgan xodimlarga yashash joyidan tashqarida yashaganlik uchun kompensatsiya (sutkalik) to‘lovi belgilanishi mumkin.

Bundan tashqari, MK 370-moddasida ish beruvchining xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir huquq va majburiyatlari, 371-moddada esa kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish chog‘ida xodimlarning huquq va majburiyatlari belgilab qo’yilgan.

Demak, MK 290-moddasiga ko'ra, malaka oshirish boshqa joyga ko‘chishni talab qilsa, xodimga o‘qish joyiga borish va qaytib kelish, shuningdek uy-joyni ijaraga olish xarajatlarining o‘rni qoplanadi.

 

Gurlan tuman yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi bosh yuriskonsulti                                             Po‘latov Shoxrux Baxram o‘g‘li

 

Мавзуга оид