s
USD: Rub: Eur:
2023-11-14 141

O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega

Davlat xizmatiga kirishda teng huquqlilik – davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, shuningdek, boshqa barcha davlat organlarida xizmatiga kiruvchi fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratilishi tushuniladi. Bu davlat xizmatiga kirishda nomzodlarga jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, huquqlarining tengligi kafolatlanishi orqali amalga oshiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, bu jarayonda odam ajratmasdan, barchaga bir ko‘z bilan qaraladi, “falonchini o‘g‘li”“pistonchini jiyani” bo‘lganligi uchun unga ustunlik berish kabi holatlarga aslo yo‘l qo‘yilmaydi. Eng asosiy mezon – professionallik talabi, yaʼni qanchalik darajada o‘z kasbini chuqur bilishidir.

Davlat xizmatini samaradorligini oshirishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri davlat idoralariga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etish hisoblanadi.

Shu maqsadda, yangilangan Konstitutsiyamizning 37-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egadir”, degan qoida belgilandi. Shuningdek, 2022-yilda qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunda davlat fuqarolik xizmatiga kirishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarning teng huquqliligi prinsipi mustahkamlandi.

Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlarida davlat fuqarolik xizmatiga kirishda barcha fuqarolarning teng imkoniyatlardan foydalanishini hamda davlat fuqarolik xizmatida professional sifatlar va alohida xizmatlar asosida ko‘tarilib borishni taʼminlaydigan nomzodlarni saralab olishning shaffof mexanizmlari amal qilmoqda.

Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 25-moddasida “har bir fuqaro hech bir kamsitishsiz va asoslanmagan cheklashlarsiz o‘z mamlakatida umumiy tenglik shartlarida davlat xizmatiga kirish” huquqiga egaligi belgilangan.

O‘xshash normalar Italiya, Latviya va boshqa davlatlar konstitutsiyalarida ham o‘z aksini topgan.

 

Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi boshlig‘i Iskandarov Xusin

 

 

Мавзуга оид