s
Bugun, 16-avgust kuni Urganch davlat universitetida 2023-2024-o‘quv yili uchun oliy taʼlim muassasasining bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari yuzasidan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi. Unda viloyatimizning bir guruh ilgʼor bloger va jurnalistlari, jumladan, “Huquq va isteʼmolchi” gazetasi hamda “Hurriyat.uz” internet nashri muharriri Q.Eshchanov, “Murojaat24.uz” internet nashri muhbiri N.Masharipov, “Xorazmliklar” internet nashri bosh muharriri F.Karimov, “Hurriyat.uz” kanali taʼsischisi H.Tangishova, UzA milliy axborot agentligi foto muhbiri B.Saidovlar ishtirok etdi.
Ochiq muloqotda Urganch davlat universiteti Qabul komissiyasi masʼul kotibi, Bioinjeneriya va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti dekani J.Roʻzimov hamda Qabul komissiyasi masʼul kotibi oʻrinbosari, Pedagogika fakulteti dekani A.Xudayberganovlar tomonidan Urganch davlat universitetining 2023-2024-o‘quv yili qabul parametrlari, yangi ochilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklari, bakalavriatning sirtqi ta’lim yo‘nalishlari, shuningdek, masofaviy ta’lim shakli, boʻlib oʻtgan kasbiy-ijodiy imtihonlar, oʻqishni koʻchirish, ikkinchi mutaxassislikka qabul jarayonlari haqida batafsil maʼlumotlar berildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, hozirda universitetda 76 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, 37 ta magistratura mutaxassisliklari va 7 ta qo‘shma ta’lim dasturlarida jami 31 mingdan ziyod talabalar tahsil oladi. 2023/2024 o‘quv yilida jami qabul kvotasi 4084 nafarni tashkil qilmoqda. Buo‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 1047 nafarga ko‘p. Viloyatimizdagi kadrlarga bo‘lgan extiyoj hisobga olinib, 28 ta bakalavraitning kunduzgi, 20 ta sirtqi shakli bo‘yicha yangi ta’lim yo‘nalishlari va 4 ta yangi magistratura mutaxassisliklari ochildi.
Ochiq muloqot ishtirokchilari:
– Ijtimoiy himoyaga muhtoj, yolgʻiz ona farzandlari uchun oʻqishga kirishda qanday imtiyozlar mavjud?
– IELTS sertifikatiga ega talabalar uchun test jarayonlarida qanday yengilliklar bor?
– Ikkinchi mutaxassislikda oʻqish tartibi va qabul jarayonlari haqida tushuntirsangiz!
– Magistratura bosqichida xorijdan Oʻzbekistonga oʻqishni koʻchirish imkoni bormi?
– Masofadan turib xorijda magistraturada tahsil olayotgan talaba, oʻzimizda ikkinchi mutaxassislikda oʻqiy oladimi?
– Urganch davlat universitetining diplomi xorijda ham kuchda egami? – Urganch davlat universitetining professor-oʻqituvchilari chet elda malaka oshirishyaptimi? singari koʻplab savollar bilan murojaat qilib, masʼullardan tegishli javoblar oldilar.