Kichik tadbirkorlik subyektlari quyidagilardir:
1) yakka tartibdagi tadbirkorlar;
2) ishlab chiqarish tarmoqlaridagi, band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan yigirma kishi, xizmat ko‘rsatish sohasidagi va ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa tarmoqlardagi, band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan o‘n kishi, ulgurji, chakana savdo hamda umumiy ovqatlanish tarmoqlaridagi, band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan besh kishi bo‘lgan mikrofirmalar;
3) quyidagi tarmoqlardagi:
-metallga ishlov berish va asbobsozlik, yog‘ochsozlik, mebel sanoatidagi, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohalaridagi, band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan yuz kishi;
-mashinasozlik, metallurgiya, yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlar yetishtirish va ularni qayta ishlash, qurilish hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohalaridagi, band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan ellik kishi;
-fan, ilmiy xizmat ko‘rsatish, transport, aloqa, xizmat ko‘rsatish sohalari (sug‘urta kompaniyalaridan tashqari), savdo va umumiy ovqatlanish hamda ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa sohalardagi, band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan yigirma besh kishi bo‘lgan kichik korxonalar.
Kichik tadbirkorlik subyektlari xodimlarining o‘rtacha yillik soni qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda belgilanadi. Bunda o‘rindoshlik, pudrat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy xarakterdagi boshqa shartnomalar bo‘yicha ishga qabul qilingan xodimlarning, shuningdek unitar korxonalarda, vakolatxonalar va filiallarda ishlayotganlarning soni ham hisobga olinadi.
Faoliyatning bir necha turini amalga oshiruvchi (ko‘p tarmoqli) yuridik va jismoniy shaxslar yillik aylanma hajmida ulushi eng ko‘p bo‘lgan faoliyat turi mezonlari bo‘yicha kichik tadbirkorlik subyektlariga kiradi.
Yangibozor tumani adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish
markazi bosh yuriskonsulti D.Otabayev