s
Ўзбекистон Республикаси Марказий Банки
USD:10472.67 Rub:137.47 Eur:12335.76
2023-12-15 797

Hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas

 Shaxs o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik bermaslik huquqining kafolatlanishi surishtiruv, tergov va sud jarayonlarining xolislik va adolat tamoyillariga tayanib amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 28-moddasiga “Hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas”, degan mazmundagi insonparvar va qadriyatlarimizga mos norma mustahkamlandi.
Tabiiy savol tug‘iladi, nima uchun jinoyat ishi bo‘yicha shaxs o‘ziga yoki yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas?
Birinchidan, shaxsga nisbatan har qanday ayblov ko‘rib chiqilayotganda tezkor-qidiruv xodimi, surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan unga nisbatan bosim o‘tkazishdan himoyalaydi, ikkinchidan, o‘z aybiga majburan iqror bo‘lishining oldini oladi, uchinchidan, jinoiy taʼqib ostidagi shaxsning og‘ir holatidan foydalanib, undan qarindoshlariga qarshi ko‘rsatuv olishni taqiqlaydi.
Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktda ham “o‘ziga o‘zi qarshi ko‘rsatuv berishga yoki o‘zini aybdor deb tan olishga majbur kilinmaslik” kafolati belgilangan.
Shuningdek, Jinoyat protsessual kodeksining 116-moddasida shaxsning o‘z qarindoshlariga qarshi ko‘rsatma berishdagi erkinligi belgilangan bo‘lib, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari guvoh yoki jabrlanuvchi tariqasida faqat o‘zlarining roziliklari bilan so‘roq qilinishlari mumkin.
Lekin, afsuski, tergov amaliyotida shunday holatlar ham uchraydiki, ayrim tergov xodimlari fuqarolarimiz o‘zining bunday huquqi borligini anglamasligidan foydalanib, o‘z qarindoshiga nisbatan guvohlik berish erkin ekanligi va bu kabi guvohlik berishdan bosh tortish uchun jinoiy javobgarlik mavjud emasligini to‘liq tushuntirmaydilar. Natijada, insonlarning mazkur huquqdan amalda real foydalanishi cheklanadi.
Mazkur talab qator davlatlar konstitutsiyalarida, masalan, Ispaniya, Gretsiya, Niderlandiya, Xorvatiya, Sloveniya va boshqa mamlakatlarda mustahkamlangan.
Bu qoidaning Konstitutsiyada belgilanishi jinoiy taʼqib ostidagi har qanday shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga ruhiy bosim va turli tahdidlar o‘tkazish, uning shaʼni va qadr-qimmatni kamsitish kabi boshqa noqonuniy usullar qo‘llanishini oldini olishga xizmat qiladi.
 

Yangiariq tumani Adliya bo’limi

 Yuridik xizmat ko’rsatish markazi

 bosh yuriskonsulti Y.Xo`jamuratova

Мавзуга оид