s
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksini 176-moddasiga ko’ra, ish beruvchi va uning vakillari shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish chog‘ida (shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, о‘zgartirish, tо‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yо‘q qilish bо‘yicha bitta harakatni yoki harakatlar majmuini amalga oshirganda):
xodimning ishlov berilayotgan shaxsga doir ma’lumotlarining hajmi va mazmunini belgilashda shaxsga doir ma’lumotlar tо‘g‘risidagi qonunchilik qoidalariga amal qilishi;
xodimning shaxsga doir barcha ma’lumotlarini xodimning о‘zidan olishi shart. Agar xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini faqat uchinchi shaxslardan olish mumkin bо‘lsa, xodimga bu haqda oldindan yozma ravishda xabar qilinishi va undan yozma rozilik olinishi kerak, bundan shaxsga doir ma’lumotlarni (tibbiy kо‘rik natijalari, malaka oshirish doirasida malakaviy va boshqa baholashlar natijalari bо‘yicha xulosa va boshqalar) xodim mazkur ish beruvchi tomonidan qonunchilikka muvofiq qaysi uchinchi shaxslarga yuborilgan bо‘lsa, о‘sha uchinchi shaxslardan olish hollari mustasno;
shaxsga doir ma’lumotlarni olishning maqsadlari, taxmin qilinayotgan manbalari va usullari, shuningdek olinishi lozim bо‘lgan shaxsga doir ma’lumotlarning xususiyati hamda xodimning ularni olish uchun yozma rozilik berishni rad etishi oqibatlari tо‘g‘risida xodimga xabar qilishi;
xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini g‘ayriqonuniy ravishda foydalanilishdan yoki yо‘qolishdan ish beruvchining shaxsiy mablag‘lari hisobidan himoya qilishni ta’minlashi;
xodimlarni va ularning vakillarini ish beruvchida mavjud bо‘lgan, xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish tartibini belgilaydigan, shuningdek ularning ushbu sohadagi huquq va majburiyatlari tо‘g‘risidagi hujjatlar bilan imzo qо‘ydirib tanishtirishi;
xodimlarning vakillari bilan birgalikda xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilish choralarini ishlab chiqishi shart.
Agar ushbu Kodeksda va boshqa qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bо‘lsa, ish beruvchi va uning vakillari xodimning jamoat birlashmalaridagi a’zoligi yoki kasaba uyushmasidagi faoliyati tо‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlarini olish hamda ularga ishlov berish huquqiga ega emas.
Ish beruvchining vakillari tomonidan xodimning shaxsga doir ma’lumotlaridan foydalanish faqat xodimning mehnat majburiyatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Ish beruvchining xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishni amalga oshirayotgan vakillari о‘zlariga ishonib topshirilgan yoki mehnat majburiyatlarini bajarishi sababli о‘ziga ma’lum bо‘lib qolgan shaxsga doir ma’lumotlarning oshkor etilishiga yо‘l qо‘ymasligi shart.
Xonqa tuman yuridik xizmat
ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Z.Xaitov