s
USD: Rub: Eur:
2024-12-03 686

Bilasizmi,

O’zbekiston Respublikasi  Mehnat kodeksini 204-moddasiga ko’ra ish kuni (smena) davomida xodimga dam olish va ovqatlanish uchun davomiyligi kо‘pi bilan ikki soat va kamida о‘ttiz daqiqa bо‘lgan, ish vaqtiga kiritilmaydigan tanaffus berilishi kerak. Ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki mehnat shartnomasida, agar xodim uchun belgilangan kunlik ishning (smenaning) davomiyligi tо‘rt soatdan oshmasa, unga mazkur tanaffus berilmasligi nazarda tutilishi mumkin.

Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish vaqti va uning aniq davomiyligi ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki xodim va ish beruvchi о‘rtasidagi kelishuvga kо‘ra belgilanadi.

Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus vaqti umuman barcha xodimlar uchun yoki tarkibiy bо‘linmalar, brigadalar va xodimlarning ayrim guruhlari uchun alohida belgilanishi mumkin.

Xodimlar dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan о‘z ixtiyoriga kо‘ra foydalanadi. Bu vaqtda ular ish joyidan chiqib ketishi mumkin.

Agar ish kunining (smenaning) davomiyligi sakkiz soatdan oshgan hollarda xodimlar uchun ish vaqtini jamlab hisobga olish belgilangan bо‘lsa, xodimga dam olish va ovqatlanish uchun ikkita tanaffus berilishi kerak.

Ishlab chiqarish (ish) sharoitlariga kо‘ra dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish imkoni bо‘lmagan ishlarda ish beruvchi xodimga ish vaqtida dam olish va ovqat yeyish imkoniyatini ta’minlashi shart. Bunday ishlarning rо‘yxati, shuningdek dam olish va ovqat yeyish uchun joylar ichki mehnat tartib qoidalari bilan belgilanadi.

Qonunchilikda, sanitariya normalari va qoidalarida ayrim toifadagi xodimlarga dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berishning о‘ziga xos xususiyatlari nazarda tutilishi mumkin.

 

 

Xonqa tuman  yuridik xizmat

ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti                                    Z.Xaitov 

 

Мавзуга оид