“Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga muvofiq, yuridik va jismoniy shaxslar jamiyatning ishtirokchilari bo‘ladilar.
Qonunchilikda ayrim toifadagi jismoniy shaxslarning jamiyatda ishtirok etishi taqiqlanishi yoki cheklanishi mumkin.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa, jamiyatning ishtirokchilari bo‘lishga haqli emaslar.
Jamiyat bir shaxs tomonidan ta’sis etilishi mumkin bo‘lib, u jamiyatning yagona ishtirokchisiga aylanadi. Jamiyat keyinchalik bir ishtirokchisi bo‘lgan jamiyatga aylanishi mumkin.
Jamiyat yagona ishtirokchi sifatida bitta shaxsdan iborat boshqa jamiyatga ega bo‘lishi mumkin emas, bir aksiyadordan iborat aksiyadorlik jamiyati jamiyatning yagona ishtirokchisi bo‘lgan hollar bundan mustasno.
Jamiyat ishtirokchilarining soni ellik kishidan oshmasligi lozim.
Agar jamiyat ishtirokchilarining soni ellik kishidan oshib ketsa, jamiyat bir yil ichida aksiyadorlik jamiyati yoki ishlab chiqarish kooperativi etib qayta tuzilishi kerak. Agar ko‘rsatilgan muddat davomida jamiyat qayta tuzilmasa va jamiyat ishtirokchilarining soni belgilangan me’yorga qadar kamaymasa, u yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organning talabiga binoan sud tartibida tugatilishi kerak.
Jamiyat ishtirokchilari o‘rtasida murosasiz ziddiyatlar sababli qaror qabul qilish uchun yetarli ovozlar soni mavjud bo‘lmaganligi tufayli jamiyatni boshqarish masalalari yuzasidan kelishuvga erishish mumkin bo‘lmagan taqdirda, nizoli vaziyat sud tartibida hal etiladi.
Shovot tuman adliya bo‘limi boshlig‘i 3-darajali adliya maslahatchisi Jonibek Qurbonov