Konstitutsiyamizning 21-moddasiga “Insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin”, degan norma mustahkamlandi.
Taʼkidlash kerakki, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 12, 19, 21, 22-moddalarida insonning huquq va erkinliklari faqat qonunda nazarda tutilgan davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligi va maʼnaviyatini yoki boshqalarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish uchun zarur bo‘lgan cheklashlar qo‘llanishi mumkin.
Konstitutsiyamizga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, fuqarolarning huquqlarini cheklash faqat qonun bilan belgilangan tartib va asosda amalga oshiriladi.
Jamiyat manfaatlarini ko‘zlagan holda inson huquq va erkinliklarini cheklash qonunda belgilangan tartib va asoslarga muvofiq amalga oshirilgandagina qonuniy hisoblanadi.
Huquqlarni cheklash asoslari esa, avvalambor, jamoat xavfsizligi va tartibini taʼminlashga, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga yo‘naltirilgan. Masalan, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunga asosan 2020-yilda COVID-19 pandemiyasi tufayli, O‘zbekistonda karantin rejimi eʼlon qilinib, aholining harakat erkinligi katʼiy cheklandi va bu cheklov aholi salomatligini saqlash, pandemiyaning keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida amalga oshirilgan edi.
Ushbu normani Konstitutsiyamizda aks ettirilishi belgilangan holatlarda individual huquqlar, yaʼni alohida shaxsga tegishli huquqlardan jamoaviy huquqlarni taʼminlash ustuvor ekanligini nazarda tutadi. Bunda aholi salomatligi, turli xil xavf-hatar va tahdidlardan xalqimizni himoyalash, barqaror rivojlanishni va farovonlikka erishish maqsadida bunday cheklovlar nazarda tutiladi.
Xonqa tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuriskonsulti Tajiyev Atabek Yuldashevich