O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev “...muallimning obro‘-eʼtibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obro‘-eʼtibori ekanligi”ni alohida eʼtirof etib, Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ustozga bo‘lgan yuksak ehtirom Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topishi zarurligi haqidagi taklifni bergan edi.
Shu bois yangilangan Konstitutsiyamizning 52-moddasida:
Birinchidan, o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish va tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash va boyitishning asosi sifatida eʼtirof etilishi mustahkamlangan.
Jamiyatni inson, insonni esa taʼlim va tarbiya o‘zgartiradi. Millat va xalqning rivoji, uning intellektual salohiyatini oshirish, avvalambor, o‘qituvchilar faoliyatiga bog‘liq. Zero, o‘qituvchi ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan ilm-fan sir-asrorlari, maʼnaviy va madaniy merosni yoshlarga yetkazishda muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Shu bois, mazkur norma Uchinchi Renessansning tayanch ustunlaridan biri bo‘lgan o‘qituvchiga ramziy maʼnoda “millat bunyodkori” maqomini bermoqda.
Ikkinchidan, davlat o‘qituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy o‘sishi haqida g‘amxo‘rlik qiladi, degan norma belgilandi.
Ustozlar qadri yuksalgan yurt, albatta, barqaror rivojlanadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘qituvchi kasbining maqomi va obro‘sini ko‘tarish, muallim va ustozlarning qadri, shaʼni va g‘ururini tiklash, ularning moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini taʼminlash, samarali mehnat faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, ularga imtiyozli isteʼmol kreditlari berilishi, olis hududlarga borib ishlayotgan yuqori malakali o‘qituvchilar uchun ustamalar belgilanishi shular jumlasidandir.
Mazkur norma ustoz va murabbiylar huquq va manfaatlarini taʼminlash, shaʼni va qadr-qimmati himoyalanishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 700 mingga yaqin o‘qituvchilarni davlat tomonidan professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirilishi ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obro‘sini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Xonqa tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
boshlig‘i A.Boltyaev