Ta'kidlash joizki, sud hokimiyatiga boshqa hech qaysi organ vakolatiga taalluqli bo‘lmagan huquqlaridan biri - odil sudlovni amalga oshirish huquqi berilganligi bilan izohlanadi.
Zero, mamlakatimiz hayotida, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini to‘liq ta'minlanishiga erishishda odil sudlovning ahamiyati beqiyosdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-11-sonli Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan 2023 – 2026 yillarga mo'ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlandi.
Strategiya doirasida "Inson qadri uchun" g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish hamda uning faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yo‘naltirish;
adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqali xalqning, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, har bir shaxs sud va sudyalar siymosida o‘zining ishonchli himoyachisini ko‘rishiga erishish;
fuqarolar hamda tadbirkorlarga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qila olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda ta'minlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish;
sudyalar va sud xodimlarida yuksak muomala madaniyatini shakllantirish orqali sudga murojaat qilgan har bir fuqaro va tadbirkorda suddan, pirovardida esa davlatdan rozilik hissini uyg‘otish;
sudlar faoliyatini to'liq raqamlashtirish, sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, idoralararo elektron ma'lumot almashinuvini yaxshilash, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish odil sudlovni ta'minlashning vazifalaridan biri etib belgilandi.
Farmonga ko'ra Bosh prokuratura hamda Oliy sudning barcha bosqichlardagi sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda ta'minlashga qaratilgan yangi mexanizmni joriy etiladi unga ko‘ra quyidagilar Odil sudlovni amalga oshirishga ko'maklashish bo'yicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusi etib belgilandi:
Bosh prokuraturaning jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, ma'muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta'minlash boshqarmalari;
Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarining jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, ma'muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta'minlash bo'yicha tegishli bo'lim va tarmoqlari;
tuman (shahar) prokurorlarining mazkur yo'nalishlar bo'yicha tegishli o'rinbosari va yordamchilari.
Shuningdek, Oliy Sud tizimida Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi negizida Odil sudlov sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish departamenti tashkil etiladi.
Yangibozor tuman adliya
bo'limi boshlig'i v.b
Bekchanov Doniyor Baxtiyarovich