s
USD: Rub: Eur:
2023-12-15 565

Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi hal qilishning konstitutsiyaviy asoslari

Huquqiy davlatda barcha munosabatlar qonun-qoidalar bilan tartibga solinishi lozim. Hech bir munosabat huquqiy yechimsiz qolmasligi shart. Ammo, ijtimoiy munosabatlarning doirasi juda keng bo‘lib, davlat va inson o‘rtasidagi ayrim munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarida noaniqliklar bo‘lishi mumkin. Shunday holatlarda qonunchilikdagi noaniqliklar kimning foydasiga, qanday tartibda hal etilishi va talqin etilishi muhim hayotiy ahamiyat kasb etadi.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 20-moddasida “Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinadi”, degan insonparvar qoida mustahkamlandi.
Mazkur qoidaga o‘xshash normalar Jinoyat-protsessual, Bojxona, Soliq kodekslari, shuningdek “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunlarda ham o‘z aksini topgan bo‘lib, amaliyotda qonunchilikdagi nomuvofiqliklar isteʼmolchilar, soliq to‘lovchilar, tadbirkorlik subyektlari, jinoyat protsessi ishtirokchilari foydasiga talqin etilmoqda.
Endilikda ushbu qoidaning Konstitutsiyada mustahkamlanishi uning qo‘llanish doirasini yanada kengaytiradi. Yaʼni, nafaqat jinoyat protsessi, soliq yoki tadbirkorlik sohasida, balki inson ishtirok etishi mumkin bo‘lgan har qanday ijtimoiy-huquqiy munosabatlarga tatbiq etish imkonini beradi.
Davlat va inson o‘rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar turli tushunmovchiliklarga, inson va fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga olib keladi. Masalan, Soliq kodeksining o‘zida muayyan bir masala yuzasidan turlicha norma belgilangan bo‘lishi yoki tadbirkorlikka oid bitta qonunda boshqa norma, ikkinchi qonunda boshqacha norma belgilangan bo‘lishi mumkin. Bunday nomuvofiqlikni, tabiiyki, soliq organi davlat foydasiga, fuqaro esa o‘z foydasiga talqin qilinishini xohlaydi. Konstitutsiyaga kiritilgan norma esa shunday nomuvofiqliklar davlat emas, inson foydasiga hal etiladi, degan qatʼiy normani aniq-ravshan mustahkamlandi.

 

Yangiariq tumani Adliya bo’limi

 Yuridik xizmat ko’rsatish markazi

 bosh yuriskonsulti Y.Xo`jamuratova

 

 

 

Мавзуга оид