s
Ўзбекистон Республикаси Марказий Банки
USD:10472.67 Rub:137.47 Eur:12335.76
2024-03-31 681

O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi

Yashash huquqi har bir insonning ajralmas va tabiiy huquqi bo‘lib, u mamlakatda o‘lim jazosini belgilash, tayinlash va ijro etishni qatʼiy inkor etadi. O‘lim jazosi eng og‘ir jinoiy jazo bo‘lib, u qo‘llaniladigan deyarli barcha davlatlarda o‘ta og‘ir, inson hayotiga qasd qiladigan jinoyatlar uchungina ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 25-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi” degan qatʼiy norma mustahkamlandi. Shu tariqa, davlatimiz bu nihoyatda jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq ekanligini butun dunyoga namoyon qilmoqda.

Tarixga nazar tashlasak, 1994-yildagi O‘zbekiston Jinoyat kodeksida 33 turdagi jinoyat uchun o‘lim jazosi belgilangan edi. Jinoiy jazolarni liberallashtirish natijasida o‘lim jazosi belgilangan normalar bosqichma-bosqich qisqartirilib, faqat 2 ta, yaʼni qasddan odam o‘ldirish va terrorizm jinoyatlari uchun ko‘zda tutilgan, 2008-yil 1-yanvardan esa o‘lim jazosi batamom jinoiy jazo sifatida bekor qilindi. O‘zbekistonda o‘lim jazosini bekor qilinishi va taqiqlanishi BMTning 1966-yil 16-dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt talablariga ham to‘liq muvofiq keladi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda yuqori sudlar tomonidan avval chiqarilgan ko‘plab hukmlar qayta ko‘rilib, oqlov hukmlari chiqarilmoqda. Demak, sudlar ham xatolarga yo‘l qo‘yishi xavfini inkor etib bo‘lmaydi. Shunday ekan, o‘lim jazosi tayinlangan shaxsga sud kelgusida oqlov hukmi chiqaradigan bo‘lsa, nohaq ayblangan inson hayotini ortga qaytarishning hech qanday imkoni yo‘q!

O‘lim jazosiga qaytmaslik yuzasidan O‘zbekistonning qatʼiy pozitsiyasi Konstitutsiyada mustahkamlanishi davlatimizda inson hayoti va qadri yuqori darajada muhofaza etilishini yana bir bor tasdiqlaydi.

Bugungi kunda 106 davlatda (Kanada, Argentina, Daniya, Fransiya, Italiya, Norvegiya, Shvetsiya, Bolgariya, Polsha va boshqalar) o‘lim jazosi barcha jinoyatlar uchun bekor qilingan.

 

Xonqa tumani adliya bo‘limi

Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

boshlig‘i A.Boltyaev

 

Мавзуга оид