s
Konstitutsiyamizning 20-moddasida “Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi”, deyilgan.
Ayni qoida inson huquq va erkinliklariga bevosita amal qilish uchun qandaydir mezonlar talab etilmasligini koʻrsatadi. Shunga koʻra, endilikda inson huquq va erkinliklari bilan bogʻliq normalarga biror-bir qonun va qonunosti hujjati qabul qilinmasdan turib, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilinadi. Bu esa barcha davlat organlari tizimida inson huquqlariga rioya etish madaniyati va mexanizmlarini takomillashtirishni taqozo etadi.
Maʼlumki, shu vaqtga qadar normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan, qonunlarning asosiy funksiyasi bu ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdan iborat edi. Yangilangan Konstitutsiyaga asosan, inson huquq va erkinliklarini ifodalash qonunlarning ajralmas funksiyalaridan biriga aylandi.
Oʻz navbatida, insonning huquq va erkinliklari davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mazmun-mohiyatini belgilashi toʻgʻrisidagi qoida davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatini tubdan isloh qilishga olib keladi. Unga koʻra, davlat xizmatchilarining asosiy maqsad, vazifa, funksiya hamda majburiyatlari inson huquq va erkinliklarini ifodalashga qaratiladi.
Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi kerakligi belgilandi. Ushbu qoida shaxsga qoʻllaniladigan barcha huquqiy taʼsir choralarini insonparvarlik tamoyillari asosida qaytadan koʻrib chiqishni nazarda tutadi.
Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyat va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilab qoʻyildi.
Shu paytga qadar qonunchilikda boʻshliq yoki ziddiyatlar mavjud boʻlib, huquqni qoʻllash boʻyicha kompetensiyalar toʻliq shakllanmagan edi. Qonun bilan tartibga solinmagan holda qanday harakat qilish yoki qonunlardagi ziddiyatlarda qanday yoʻl tutish lozim, degan masalada hatto malakali huquqshunoslar ham qatʼiy pozitsiyaga ega emas. Yangi Konstitutsiya orqali ayni masala yechimini topdi.
Yaʼni oʻzaro teng yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasida tafovut yuzaga kelgan taqdirda fuqarolar manfaatiga xizmat qiladigan konstitutsiyaviy normalarga amal qilinishi qatʼiy belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiya Yangi Oʻzbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Bu esa inson huquq va erkinliklariga oid masalalarda huquqni qoʻllash amaliyotiga yangicha yondashuvlar joriy qilishni dolzarb zaruratga aylantirmoqda.
Zero, barchamizning vazifamiz inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadigan va hurmat qilinadigan adolatli jamiyat barpo etishdir.
Jasur ATADJANOV,
Urganch tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i.