Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktyabrdagi 297-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomi 20-bandi uchinchi xatboshiga ko‘ra bir necha kasbda va lavozimda ishlashga, xizmat ko‘rsatish zonasini kengaytirishga, ishlar hajmini ko‘paytirishga shunday kasb va lavozim bo‘yicha bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lganda yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda xodim tomonidan vaqtinchalik yo‘q bo‘lgan xodimning vazifalarini bajarishda yo‘l qo‘yiladi.
Ushbu qoidaning mazmuniga ko‘ra agar bo‘lib o‘tiladigan darslarni o‘tadigan o‘qituvchi kasalligi tufayli mehnatga layoqatsizlik davrida bo‘lsa, malaka oshirishga jalb qilinsa, mehnat ta’tiliga chiqsa, uning darslarini qo‘shib o‘tish mumkin bo‘ladi.
Nizomning 22-bandiga ko‘ra xodimga boshqa lavozimni vaqtincha yuklash uchun xodimning yozma roziligini olish talab etiladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, darslarni o‘qituvchiga yuklash uchun uning o‘zidan yozma rozilik olinishi kerak.
23-bandida kasblar va lavozimlarda bir necha kasb va lavozim asosida ishlaganlik, xizmat ko‘rsatish zonasini kengaytirganlik, ishlar hajmini ko‘paytirganlik uchun qo‘shimcha haq to‘lanishi belgilangan.
Lekin ushbu nizom 25-bandiga muvofiq byudjet tashkilotlarida bir necha kasb va lavozimda ishlaganlik, xizmat ko‘rsatish zonasini kengaytirganlik, ishlar hajmini ko‘paytirganlik uchun qo‘shimcha haq to‘lash miqdori bir necha kasb va lavozimda ishlanayotgan lavozim bo‘yicha maoshning (tarif stavkasining) 50 foizidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Demak, bir o‘qituvchi o‘qishga ketgan vaqtda uning ishini qilgan o‘qituvchiga o‘qishga ketgan o‘qituvchi ish haqi miqdorining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdora haq to‘lash kerak.
Gurlan tumani yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti J.Jumaboyev