s
O‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) — ko‘chmas mulk (yer uchastkasi, boshqa ko‘chmas mulk) egasining qo‘shni yer uchastkasidan, zarur hollarda esa boshqa yer uchastkasidan ham cheklangan tarzda foydalanish huquqidir.
Servitut quyidagi maqsadlarda belgilanishi mumkin:
o‘zganing yer uchastkasi orqali piyoda yoki transportda o‘tish;
o‘zganing yer uchastkasida drenaj ishlari o‘tkazish;
o‘zganing yer uchastkasidan elektr uzatish, aloqa liniyalari va truboprovodlar, irrigatsiya, muhandislik va boshqa liniyalar hamda tarmoqlar o‘tkazish va ulardan foydalanish;
o‘zganing yer uchastkasidan ekinzorlarni va qishloq xo‘jaligi hayvonlarini sug‘orish uchun suv olish;
qishloq xo‘jaligi hayvonlarini o‘zganing yer uchastkasi orqali haydab o‘tish;
o‘zganing yer uchastkasida ihota daraxtlari ekish va tabiatni muhofaza qilishga taalluqli boshqa obyektlar barpo etish.
Servitut boshqa maqsadlarda ham belgilanishi mumkin.
Servitut, uni belgilashni talab qilgan shaxslar bilan o‘zga yer uchastkasining egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi, ijarachisi va mulkdori o‘rtasidagi shartnomaga muvofiq, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sud qaroriga binoan belgilanadi.
Jamoat ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan hollarda servitut ushbu Kodeksga muvofiq viloyat va Toshkent shahar hokimi tomonidan ham belgilanishi mumkin (ommaviy servitut).
Servitut to‘g‘risidagi shartnoma davlat ro‘yxatiga olinishi lozim va u yer uchastkasi boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda ham saqlanib qolinadi. Servitut to‘g‘risidagi shartnoma uni belgilashga sabab bo‘lgan asoslar o‘z ahamiyatini yo‘qotgan taqdirda, bekor qilinishi mumkin.
Servitut belgilanishi yer egasini, yerdan foydalanuvchini, yer uchastkasining ijarachisi va mulkdorini ushbu yer uchastkasiga egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqidan mahrum etmaydi.
Hazorasp tuman adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi