s
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 125- moddasiga asosan, lozim darajada tasdiqlangan qog‘oz yoki elektron shaklidagi mehnat daftarchasi xodimning mehnat stajini tasdiqlovchi va jismoniy shaxsning mehnat faoliyati tо‘g‘risidagi verifikatsiya qilingan ma’lumotlarni о‘z ichiga olgan asosiy hujjatdir.
Elektron shakldagi mehnat daftarchasi mehnat shartnomasini rо‘yxatga olish, tuzish, unga о‘zgartish va qо‘shimchalar kiritish, shuningdek uni bekor qilish chog‘ida avtomatik rejimda «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida shakllantiriladi.
Ishga qabul qilish, bajariladigan ish, boshqa ishga о‘tkazish va mehnat shartnomasini bekor qilish tо‘g‘risidagi ma’lumotlarni о‘z ichiga oladigan, xodimning mehnat faoliyati va mehnat staji haqidagi axborot mehnat faoliyati tо‘g‘risidagi ma’lumotlardir.
Ish beruvchi (bundan jismoniy shaxslar bо‘lgan ish beruvchilar mustasno) tashkilotda besh kundan ortiq ishlagan barcha xodimlar uchun mehnat daftarchalarini yuritishi shart.
Ish beruvchi ishga qabul qilish, boshqa ishga doimiy о‘tkazish va mehnat shartnomasini bekor qilish tо‘g‘risidagi ma’lumotlarni mehnat daftarchasiga hamda «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritishi shart. Xodimning yozma arizasiga kо‘ra asosiy ish joyidagi ish beruvchi mehnat daftarchasiga о‘rindoshlik asosida ishlagan va vaqtincha boshqa ish beruvchiga xizmat safariga yuborilgan davrlar haqidagi yozuvlarni kiritadi. Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari (sabablari) mehnat daftarchasiga yozilmaydi.
Elektron mehnat daftarchasini shakllantirish va xodimning mehnat faoliyati tо‘g‘risidagi ma’lumotlarni verifikatsiya qilish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
Xodim mehnat faoliyati haqidagi ma’lumotlarni:
oxirgi ish joyidagi ish beruvchidan ushbu ish beruvchida ishlagan davr uchun — lozim darajada tasdiqlangan qog‘ozda yoki ish beruvchining elektron raqamli imzosi bilan imzolangan elektron hujjat tarzida;
mehnat organida — lozim darajada tasdiqlangan qog‘ozda yoki vakolatli shaxsning elektron raqamli imzosi bilan imzolangan elektron hujjat shaklidagi elektron tashuvchida olishga haqlidir.
Ish beruvchi xodimga ish beruvchida ishlagan davri uchun mehnat faoliyati tо‘g‘risidagi ma’lumotlarni xodimning yozma shaklda berilgan yoki ish beruvchining elektron pochta manziliga yuborilgan arizasida kо‘rsatilgan usulda (lozim darajada tasdiqlangan qog‘ozda yoki ish beruvchining elektron raqamli imzosi bilan imzolangan elektron hujjat tarzida) quyidagicha taqdim etishi shart:
ishlash davrida — ushbu ariza berilgan kundan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay;
mehnat shartnomasini bekor qilishda — shartnoma bekor qilingan kunda.
Xonqa tuman yuridik xizmat
ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Z.Xaitov