s
USD: Rub: Eur:
2023-11-16 542

“Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 09.11.2023-yildagi “Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-877-son Qonun imzolandi.

Ushbu hujjat bilan asosiy tushunchalarning ta’rifi kiritilmoqda:

  • biologik himoya vositalari - oʻsimliklarning va oʻsimlik mahsulotining zararli organizmlariga qarshi kurashish uchun qoʻllaniladigan foydali organizmlar yoki ularning yashash faoliyati mahsulotlari;
  • zararli organizmlar - oʻsimliklarning, hayvonlarning yoxud kasallik qoʻzgʻatuvchi agentlarning oʻsimliklarga yoki oʻsimlik mahsulotlariga zarar yetkazuvchi har qanday turi, xili yoki biotipi;
  • kimyolashtirish vositalari - oʻsimliklarning rivojlanishini, pishib yetilishini tezlashtirish, hosildorligini va sifatini oshirish, shuningdek tuproq unumdorligini yaxshilash uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalar;
  • pestitsidlar - zararli organizmlarga qarshi kurashish uchun qoʻllaniladigan moddalar;
  • oʻsimliklarni himoya qilish - zararli organizmlarga qarshi kurashishga qaratilgan tadbirlar majmui va boshqalar.

Qonun bilan quyidagi organlarning oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi vakolatlari mustahkamlab qoʻyildi:

  • Vazirlar Mahkamasi;
  • Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
  • Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi (maxsus vakolatli organ);
  • Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi;
  • Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi.

Hujjatga asosan oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:

  • respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning hududiga qonunchilikda belgilangan tartibda kirish;
  • oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish va ularning oldini olish boʻyicha ijro etilishi shart boʻlgan koʻrsatmalar kiritish;
  • zararli organizmlar rivojlanishi va tarqalishining oldini olish maqsadida fitosanitariya monitoringi hamda prognozini, shuningdek oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha tadbirlarning bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish va boshqalar.

Qonun quyidagilarni belgilaydi:

  • oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi davlat nazoratini amalga oshirish tartibi;
  • respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari;
  • kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish tartibi.

 

Urganch tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish

markazi bosh yuriskonsulti B.R.Yusupov

 

Мавзуга оид