s
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimizning tinch va farovon hayotini taʼminlash, inson qadrini ulug‘lash, vijdon erkinligi huquqini kafolatlashning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ko‘p millatli yurtimizda o‘zaro do‘stlik muhitini yaratish, diniy konfessiya vakillari o‘rtasida bag‘rikenglik prinsiplarini qaror toptirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat o‘zaro hamjihatlikda ahil-inoq yashab kelmoqda, 16 ta konfessiyaning 2,3 mingdan ziyod diniy tashkilotlari o‘z faoliyatini olib bormoqda. “Jaholatga qarshi maʼrifat” g‘oyasini amalga oshirishga, diniy taʼlim va maʼrifat tizimini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi.
Bu sohada olib borilayotgan islohotlar dunyo miqyosida ham munosib eʼtirof etilib, diniy bag‘rikenglikning namunali modeli sifatida baholanmoqda. Xususan, O‘zbekistonning diniy erkinliklar sohasida alohida xavotir uyg‘otadigan davlatlar ro‘yxatidan chiqarilganligi, BMT Bosh Assambleyasining majlisida O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan “Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasining qabul qilinganligi bunga yaqqol misoldir.
Mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik prinsipini qaror toptirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratish maqsadida yangilangan Konstitutsiyamizning 75-moddasi davlat qonunda belgilangan tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy tashkilotlar faoliyatining erkinligini kafolatlaydi, degan norma bilan to‘ldirildi.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda ham “har bir inson fikr, vijdon va din erkinligi huquqiga ega. Ushbu huquq o‘z ixtiyori bilan o‘ziga maʼqul dinni qabul qilish va eʼtiqod qilish erkini, yakka holda, shuningdek boshqalar bilan birgalikda, oshkora yoki xususiy tartibda ibodat qilish, diniy va boshqa urf-odatlarni va marosimni bajarish erkini ham o‘z ichiga oladi”deb belgilangan.
Mazkur yangi konstitutsiyaviy norma, nafaqat fuqarolarimizning vijdon erkinligi kafolatlarini kuchaytirishga, balki mamlakatimizda barcha diniy tashkilotlar o‘z faoliyatini erkin amalga oshirishi uchun huquqiy kafolatlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu esa, dinning asl insonparvarlik mohiyatini asrash, uni turli noto‘g‘ri qarashlardan sof holda saqlash, qolaversa dinning maʼnaviy-maʼrifiy salohiyatidan jamiyatdagi barqarorlik, ijtimoiy hamkorlik, konfessiyalararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashda foydalanish uchun zamin yaratadi.
Tuproqqal’a tuman Yuridik
xizmat ko`rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti Eshchanov Ixlosbek Ilhom o`g`li