s
Ўзбекистон Республикаси Марказий Банки
USD:10472.67 Rub:137.47 Eur:12335.76
2023-11-17 843

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining huquqiy himoyasining konstitutsiyaviy kafolotlari

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining huquqiy himoyasini kuchaytirish borasida jinoyat protsessida aybsizlik prezumpsiyasi odil sudlovning muhim prinsipi hisoblanadi. Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 28-moddasida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan quyidagi yangi ikkita kafolatlar belgilandi.

Birinchidan, “Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak”, degan norma kiritildi.

Taʼkidlash lozimki, muayyan jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruvchi, tergovchi tergov harakatlari, sud esa sud tergovi orqali dalillar to‘playdi.

Ayni paytda, to‘plangan dalillarni baholashda ularga nisbatan shubha paydo bo‘lishi mumkin. Bunda, shubhalar ayblov tomonga ishlatilishi kerakmi yoki himoya foydasigami, degan savol yuzaga keladi.

Konstitutsiyaga kiritilgan ushbu insonparvar yangi norma bunday vaziyatda aybdorlikka oid barcha shubhalar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishini qatʼiy mustahkamlandi.

Shaxsni aybli ekanligiga oid har qanday shubhalar, ayblash uchun yetarli bo‘lmagan maʼlumotlar asosida shaxsni javobgarlikka tortish mumkin emas. Tergovda shubha ostidagi dalillar asosida ayb eʼlon qilingan bo‘lsa ham, bunday vaziyatda aybini tasdiqlovchi dalillarning yetarli emasligi tufayli sudda unga nisbatan oqlov hukmi chiqariladi. Yaʼni, “isbotlanmagan ayb – isbotlangan aybsizlikka teng” degan xalqaro standart amal qiladi. Misol sifatida aytish mumkinki, mamlakatimiz sudlari tomonidan so‘nggi 5 yilda 4 ming 700 nafardan ortiq fuqaro oqlangan.

Ikkinchidan, “gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin” degan qoida joriy qilindi.

Shaxsni aybdorligini isbotlash mutlaqo surishtiruv va tergov organlarining bevosita vazifasidir. Ayni shu bois ham, Konstitutsiyamizda shaxsni o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligiga oid qoida mustahkamlandi. Jinoiy taʼqib ostidagi shaxsning sukut saqlash huquqidan foydalanishi surishtiruv va dastlabki tergovda unga bosim ostida yoki qadr-qimmatini kamsitib noqonuniy ko‘rsatma olish holatlarini oldini oladi.

Bunday normalar Ozarbayjon, Chexiya, Gruziya, Xorvatiya, Yaponiya, Slovakiya konstitutsiyalarida o‘rin olgan.

Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi boshlig‘i Iskandarov Xusin

 

Мавзуга оид