s
USD: Rub: Eur:
2024-08-23 725

Aholini iqtisodiy sudlarda ko`riladigan ishlar toifasi va sudga murojaat qilish tartibi bilan tanishtirish

So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish hisoblanadi. Fuqarolar va tadbirkorlar o‘zlarining huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida avvalambor sudga murojaat qilishlari lozim bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 3-moddasida iqtisodiy sudga murojaat qilish huquqi va murojaatning shakli deb nomlanib, ushbu moddada sudga murojaat qilishning dastlabki tushunchalari berilgan. Jumladan, har qanday manfaatdor shaxs o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun iqtisodiy sudga (sudga) ushbu Kodeksda belgilangan tartibda murojaat qilishga haqli. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda sudga boshqa shaxslar ham murojaat qilishga haqli.

Sudga murojaat qilish huquqidan voz kechish haqiqiy emas. Sudga murojaat qilish:

fuqarolik huquqiy munosabatlaridan yuzaga keladigan nizolar bo‘yicha – da’vo arizasi shaklida;

buyruq tartibida ish yuritish, alohida toifadagi ishlar bo‘yicha hamda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa hollarda – ariza shaklida;

apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlariga murojaat etilganda, shuningdek ushbu Kodeks hamda boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda shikoyat (protest) shaklida amalga oshiriladi.

Murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin. Sudga elektron shaklda murojaat qiluvchilar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining interaktiv xizmatlar portali orqali o‘z murojaatlari (da’vo arizalari, arizalar, apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlari)ni elektron tarzda jo‘natishlari mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 148-moddasiga ko‘ra, sud manfaatdor shaxslarning; prokurorning; davlat organlari va boshqa shaxslar yuridik shaxslar va fuqarolarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish maqsadida qonun bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan hollarda, shu davlat organlarining va boshqa shaxslarning arizalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atadi.

Ushbu kodeks 149-moddasiga ko‘ra, da’vo arizasi sudga yozma shaklda beriladi. U da’vogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Da’vo arizasida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak: ariza berilayotgan sudning nomi; ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi; agar da’vo baholanishi lozim bo‘lsa, da’voning bahosi; da’vo talablariga asos bo‘lgan holatlar; da’vo talablarining asoslarini tasdiqlovchi dalillar; undirilayotgan yoki nizolashilayotgan summaning hisob-kitobi; da’vogarning qonunchilikka asoslab keltirgan talablari, da’vo bir nechta javobgarga nisbatan taqdim etilganda esa ularning har biriga nisbatan talablar; javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, agar bu shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa; ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati.

Da’vo arizasida da’vogarning yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili ko‘rsatilishi mumkin. Da’vo arizasida, agar nizoni to‘g‘ri hal qilish uchun zarur bo‘lsa, boshqa ma’lumotlar, shuningdek da’vogardagi mavjud iltimosnomalar ko‘rsatiladi. Da’vogar o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bir nechta talabni bitta da’vo arizasiga birlashtirishga haqli. Yuqorida qayd qilingan talablarga rioya qilingan holda berilgan da’vo arizalari iqtisodiy sudlar tomonidan mazmunan ko‘rib chiqiladi. 

 

Go`zal Eshchanova 

Xorazm viloyati Bog`ot tumanlararo 

iqtisodiy sudi arxiv mudiri

Мавзуга оид