s
Allergik kasalliklar ko'rsatkichlari yuqori hududlarda ommaviy skrining tekshiruvlari o'tkaziladi
“Allergik kasalliklarning oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori (PQ–371-son, 23.11.2023-y.) qabul qilindi
Qarorga ko'ra, allergik kasalliklarning oldini olish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida, jumladan:
tibbiyotning birlamchi bo'g'inidan boshlab allergik kasalliklarning epidemiologik ko'rsatkichlari ustidan nazorat kuchaytiriladi va manzilli skrining tekshiruvlari joriy etiladi.
2024-yil 1-yanvardan allergik va immunologik kasalliklarga chalingan “Ijtimoiy himoya yagona reestri”da bo'lgan bemorlarni ingalyasion glyukokortikosteroid dori vositalari bilan bepul ta'minlash tizimi yo'lga qo'yiladi.
2024-yildan:
▫️allergik kasalliklar (shu jumladan mavsumiy allergiya) ko'rsatkichlari yuqori hududlarda yiliga kamida bir marta ommaviy va selektiv skrining tekshiruvlari o'tkaziladi;
▫️hududlarda allergologiya va klinik immunologiya yo'nalishida yuqori texnologik tashxislash va davolash amaliyotlari turlari bosqichma-bosqich 10 turdan 20 turgacha oshiriladi.
2024-yil 1-yanvardan Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi etib qayta tashkil qilinadi.
Toshkent shahri aholisi uchun allergik kasalliklar bo'yicha ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam Markaz tomonidan ko'rsatiladi.
2024-yildan quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy qilinadi:
allergik kasalliklar keltirib chiqaruvchi aeroallergenlar tarkibi va mavsumiy tarqalish ko'lami hududlar kesimida o'rganilib, uning natijalari Xalqaro molekulyar allergologiya markazi tomonidan Gidrometeorologiya xizmati agentligiga muntazam taqdim etib boriladi;
aeroallergenlar tarkibi va mavsumiy tarqalish ko'lami to'g'risidagi ma'lumotlar atrof tabiiy muhit ifloslanishiga oid ma'lumotlar bilan birgalikda tegishli veb-sayt va boshqa manbalar orqali e'lon qilib boriladi.
2024-yil 1-aprelgacha allergik kasallikka chalingan bemorlarning elektron reestri yaratilib, amaliyotga tatbiq etiladi.
Xiva tuman yuridik xizmat ko`rsatish markazi
bosh yuriskonsulti M.Bayjanov