s
USD: Rub: Eur:
2023-05-23 447

Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlar huquqlarining samarali himoyasini taʼminlash maqsadida Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ–833-son, 26.04.2023-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

 Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi mansabdor shaxslarning eʼtiborini surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi jarayonida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga qaratish zarur boʻlganda xususiy ajrim chiqaradi.

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartishga koʻra: 

-  Barcha sud hujjatlari asosida beriladigan ijro varaqalari 3 yil ichida ijroga topshirilishi mumkin.  Ilgari iqtisodiy sudlarniki 6 oy ichida edi;

-  Davlat ijrochisining har qanday qarorlari yoki harakatlari ustidan shikoyat faqat maʼmuriy sudga yoxud boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga beriladi.

Ilgari Iqtisodiy sud bilan bogʻliq ijro yuzasidan iqtisodiy sudlarga shikoyat berilgan.

 Shuningdek, Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga muvofiq, endilikda oʻzaro bogʻliq boʻlgan, baʼzilari fuqarolik sudiga, baʼzilari esa maʼmuriy sudga taalluqli bir nechta talabni birlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi. 

Ilgari mazkur ishlar birlashtirilib barcha talablar fuqarolik sudida koʻrilgan.

- Talab fuqarolik ishlari boʻyicha sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda taqdim etilgan taqdirda, daʼvo arizasi (ariza) taalluqliligiga koʻra iqtisodiy sudga yoki maʼmuriy sudga koʻrib chiqish uchun oʻtkaziladi.

- Iqtisodiy yoki maʼmuriy suddan ariza yoki ish materiallari sudga taalluqliligiga koʻra kelib tushganda sudya ariza tegishli talablarga muvofiq emasligini aniqlagach, ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran 10 kundan kechiktirmay daʼvogarni (arizachini) kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi toʻgʻrisida xabardor qiladi va unga buning uchun 10 kundan oshmaydigan muddat beradi.

- Bundan tashqari, mazkur Kodeksga kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrmasdan qoldirish hamda kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish bilan bogʻliq asoslar kiritildi.  

 

Rasulbek IBRAGIMOV
Xorazm viloyat adliya boshqarmasi
bosh maslahatchisi

Мавзуга оид