s
USD: Rub: Eur:
2024-08-23 839

O'zbekiston Respublikasining "Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisi" dagi Qonunining mazmuni-mohiyati

 Korrupsiya – siyosat va davlat boshqaruvi sohasidagi ijtimoiy xavfli hodisa bo‘lib, davlat funksiyalarini bajarish vakolatiga ega bo‘lgan yoki ularga tenglashtirilgan shaxslarning noqonuniy tarzda moddiy va boshqa boyliklar, imtiyozlarni olishda o‘z maqomi va u bilan bog‘liq imkoniyatlardan foydalanishi, shuningdek bu boylik imtiyozlarni jismoniy yoki yuridik shaxslar qonunga xilof ravishda egallashiga imkon berishida ifodalanadi. 

Korrupsiyaga qarshi yer yuzidagi barcha davlatlarda qattiq kurash olib borilmoqda, hatto BMT ham bu illatni eng global muammolardan biri sifatida e’tirof etib, unga qarshi kurashish masalalariga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Mamlakatimizda muntazam ravishda mazkur illatning sabablarini aniqlash va bartaraf etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu borada, O‘zbekiston Respublikasininng “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganligini ushbu illatga qarshi kurashda muhim qadam bo‘lgan deb hisoblash mumkin. Mazkur qonundan ko‘zlangan maqsad korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Davlat organi xodimi, biror bir shaxs tomonidan uni korrupsion huquqbuzarlikni sodir etishga da’vat qilish holati, shuningdek boshqa ishchilar tomonidan shu kabi holatlarning amalga oshirilishi bo‘yicha unga oshkor bo‘lgan ma’lumotlarni o‘z rahbari yoki huquqni muxofaza qiluvchi organlarga murojaat etishi lozimligi belgilangan. Mazkur majburiyatlarning bajarilmasligi qonunchilikka muvofiq tegishli ravishda jazoga tortiladi. 

Shuningdek korrupsion jinoyat to‘g‘risida oshkor qilgan shaxs davlat himoyasi ostiga olinishi, biroq ushbu qoida yolg‘on ma’lumotlarni taqdim etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanmasligi ham qonunchilikda belgilab qo‘yilgan. Har qanday jinoyatchilik, shu jumladan, korrupsiya ham jamiyat rivojiga to‘sqinlik qiladi. Chunki u fuqarolarda davlatga, qonunlarga ishonchsizlik, ularni hurmat qilmaslik ruhini paydo qiladi. Korrupsiyaning eng xavfli tomoni shundaki, davlat xizmatchisi hisoblanuvchi mansabdor shaxs ma’lum haq, ya’ni pora evaziga ikkinchi tomon – pora beruvchining qonunga zid bo‘lgan talabini bajarishi yoki uning g‘ayriqonuniy qilmishlaridan ko‘z yumishi, bu esa davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurashning dolzarbligi shundaki, ijtimoiy jihatdan salbiy hodisaning vujudga kelish sabablari, huquqiy va kriminologik jihatlarini o‘rganish bu illatga qarshi kurash samaradorligini oshirish imkonini beradi. Korrupsiyalashgan davlat xizmatchilari ishtirokida juda ko‘p miqdordagi budjet mablag‘laridan maqsadga nomuvofiq ravishda foydalaniladi, bugungi iqtisodiy shart-sharoitlardan kelib chiqib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish uchun, avvalo, kadrlar bilan ishlash takomillashtirilishi lozim. Ya’ni xizmatga olinayotgan shaxslarning o‘z xizmat vazifasidan boylik orttirish maqsadida foydalanmasliklari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining asosiy vazifasi jinoyatchilikka qarshi kurash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish ekani tushuntirilishi kerak. 

2017 yil 03 yanvar kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘RQ-419-sonli Qonuni bilan ko‘plab normalar qonunchiligimizga kiritildi. Jumladan korrupsiyaga rasmiy ta’rif berilib, unga muvofiq korrupsiya — shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish hisoblanadi. 

Shuningdek mazkur Qonun bilan “manfaatlar to‘qnashuvi” tushunchasiga ham ta’rif berilgan bo‘lib, unga muvofiq manfaatlar to‘qnashuvi – shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat ekanligi belgilandi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish; davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish; korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash singari vazifalar ekanligi nazarda tutildi. 

Qonunning 7-moddasiga muvofiq Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hisoblanadi. Shuningdek, bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bilan bevosita idora, ya’ni korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyat yuritmoqda.

Korrupsiyaga murosasiz muhitni shakllantirishda nafaqat davlat organlari, balki jamiyatning har bir bo‘g‘ini birgalikda bo‘lib, Vatan ravnaqi uchun, aholining yaxshi yashashi uchun, odamlarning kelajakka ishonchi ortishi uchun jamiyat rivojiga xavf soluvchi korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashda hamjihat bo‘lishlari lozim. 

 

Xorazm viloyati ma'muriy sudining bosh konsultanti G'. Jumaniyozov

 

                                                      

Мавзуга оид