s
USD: Rub: Eur:
2024-02-22 674

Mahalliy Kengashlarda asosiy o’zgarishlar nimada ekanligi haqida qisqacha ma’lumot :

Joriy yil 2-fevralda qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilindi.Davlat hokimiyati organlari faoliyatini yangi model — “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilishga qaratilgan muhim qoidalar belgilab berildi.

Birinchi o‘zgarish — bu jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda ushbu hududda istiqomat qilayotgan aholining fikrini inobatga olish, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish,shaharsozlik, transport va hududning infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 33 ta vakolat Kengashlar ixtiyoriga o‘tkazilmoqda. Jumladan :

  • ta’lim sohasida tegishli hududda davlat bog‘cha va maktablarini tashkil etish bo‘yicha qaror
  • Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida havoni ifloslantiruvchi yoki unga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi korxona va inshootlar quriladigan hamda chiqindilar ko‘miladigan joylar
  • Mahalliy ahamiyatga molik bo‘lgan kurort tabiiy hududlar,rekreatsiya zonalari, botanika va dendrologiya bog‘lari, tabiat bog‘lari ham faqat Kengashlar roziligi bilan tashkil etiladi yoki tugatiladi.
  • Shahar yo‘lovchilar transportida yo‘lovchi va bagaj tashish tariflari
  • Fuqarolarning alohida toifalari uchun imtiyozli tariflar
  • Shahar yo‘lovchi transportida yo‘nalishlarni tashkil qilish, yangi yo‘nalishlar ochish, bekatlar, to‘xtab turish va dispetcherlik manzillari yerlari mahalliy Kengash bilan kelishilishi lozimligi belgilanmoqda.
  • Transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlariga,tabiiy obyektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar
  • Ayrim toifadagi shaharsozlik faoliyati obyektlarini mahalliy ahamiyatga molik obyektlar sirasiga kiritish
  • Hudud infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha aholi punktlari hududiy zonalari toifalariga mahalliy sharoitlardan kelib chiqib o‘zgartirish kiritish, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlari uchun tariflarni tasdiqlash

 

Ikkinchi yangilik, yillar davomida mahalliy Kengashlar zimmasiga yuklanib kelingan qator vakolat va funksiyalar tizimlashtirilmoqda. Xususan mahalliy Kengashlarga mahalliy hokimliklar, hududdagi davlat organlari va tashkilotlari hisobotlarini eshitishda mazmunan yaqin sohalarda o‘zaro takrorlanuvchi vazifalar yuklanganligi sababli ularni qayta  ko‘rib chiqish, maqbullashtirish hamda tizimlashtirish zarurati mavjud edi. Kengashlarning qonunchilikdagi vakolatlar tizimlashtirilmagani bois mahalliy Kengashlar hokimliklar va qator davlat idoralarining u yoki bu sohaga oid hisobot va axborotlarini yiliga qariyb yuzdan ortiq marotaba eshitardi. Qolaversa, ichki ishlar organlarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari, ularning tarmoq bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda mahallalardagi profilaktika inspektorlari ham mahalliy Kengashlarga alohidaalohida hisobot berar edi. Shu sababli Kengashlarning hisobot va axborot eshitishga oid ayrim vakolatlari qayta ko‘rib chiqilib, ular sohalar bo‘yicha tizimlashtirildi. Farmon bilan Kengashlar oldida tegishli hududda faqatgina hokim hamda hududiy davlat organlarining birinchi rahbarlari hisobdorligi belgilanishi kelgusida ushbu rahbarlarning Kengash oldida ham siyosiy, ham professional mas’uliyatini oshirishi, shubhasiz.

 

Uchinchi o‘zgarishni biz, “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida qonunchilik hujjatlaridagi 100 dan ortiq vakolatlarni mahalliy Kengash va ijroiya hokimiyati o‘rtasida aniq taqsimlash yuzasidan takliflar ishlab chiqilayotganida ko‘ramiz. Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida 2024-yilgi saylov yakunlari

bo‘yicha, dastlab viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida, so‘ngra 2026-yildan e’tiboran tuman (shahar) Kengashlarida Kengash raislari va hokimlar alohida-alohida faoliyat yuritishi belgilandi.

 

To‘rtinchi muhim yangilik sifatida Kengashlarning o‘z faoliyatini davlat hokimiyati organlaridan mustaqil ravishda amalga oshirishi kafolatlab qo‘yilayotganini keltirish mumkin. Endilikda mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanishi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi aniq belgilanmoqda.

 

Beshinchidan, kelgusida Kengashlar samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoit va moddiy-texnika bilan ta’minlanadi. Farmonga muvofiq, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) Kengashlarini alohida-alohida bino bilan ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi. Buning uchun Kengashlar joylashgan bino-inshootlar to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi, xorijiy amaliyot asosida mahalliy Kengashlar binolariga va ularni jihozlashga doir minimal talablar ishlab chiqiladi.

Мавзуга оид