s
USD: Rub: Eur:
2023-11-17 531

Shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqining konstitutsiyaviy kafolotlari

So‘nggi yillarda davlatimizda fuqarolarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xususan ularning malakali yuridik yordamga bo‘lgan huquqini taʼminlashga qaratilgan ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayni shu maqsadda yangilangan Konstitutsiyamizning 29-moddasida “Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan eʼtiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega”, deb belgilandi. Mazkur norma jinoyat protsessida advokat yordamidan foydalanish huquqining yangi huquqiy kafolatlarini taʼminlaydi.

Advokat yordamidan foydalanish uchun eng avvalo, professional advokatlar korpusining mavjudligi talab etiladi. Bugungi kunda mamlakatimizda 4500 nafardan ortiq advokat faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, jamiyatda advokat xizmatiga ehtiyojning va aholi huquqiy madaniyati darajasining ortib borishi kuzatilmoqda.

Jinoyat protsessining har qanday bosqichida advokat yordamidan foydalanish deganda, advokat tomonidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, birinchi instansiya sudida, hukmni ijro etish, apellyatsiya va kassatsiya tartibida ishlarni ko‘rib chiqishda jinoiy taʼqibga olingan shaxs, hamda jabrlanuvchi, guvoh va boshqa shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilinishi tushuniladi. 

Shaxs ushlanganida uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan eʼtiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqi taʼminlanadi. Yaʼni, jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxs jinoyat ustida yoki bevosita uni sodir etganidan keyin qo‘lga tushsa, unga nisbatan noqonuniy yoki asossiz ayblov qo‘yilishidan, turli bosimlardan himoya qilishga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, shaxs o‘z tanloviga ko‘ra, yaʼni advokat yordamidan foydalanishi yoki bunday yordamdan voz kechishi mumkin. Agar shaxsda advokat xizmatidan foydalanish istagi bo‘lsada, bunga moddiy imkoniyati bo‘lmasa, davlat hisobidan himoyalanish huquqi taʼminlanishi kafolatlandi.

Amaldagi qonunchiligimizga muvofiq bugungi kunda bepul yuridikk yordam asosan jinoyat protsessual qonunchiligi doirasida ko‘rsatiladi. Fuqarolik ishlari, mehnat nizolari va boshqa yo‘nalishlarda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilmaydi. Konstitutsiyaga mazkur yangiliklar kiritilsa, fuqarolarimiz nafaqat jinoyat ishlari doirasida, balki fuqarolik, mehnat va boshqa sohalarda ham davlat hisobidan yuridik yordam olishi mumkin bo‘ladi. Ushbu kafolat qator davlatlar konstitutsiyalarida, jumladan, Ispaniya, Gretsiya, Niderlandiya, Xorvatiya, Sloveniya va boshqa mamlakatlarda mustahkamlangan.

Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti  Urazbayev Tursunboy

 

Мавзуга оид