s
USD: Rub: Eur:
2025-06-29 712

Ayrim toifadagi o‘quvchilarni qo‘shimcha ta’limga jalb qilish hamda ularni o‘qitish xarajatlarining 80 foizini Davlat byudjetidan qoplab beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2025-yil 14-iyunda “Davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ayrim toifadagi o‘quvchilarni maktabdan tashqari ta’limga jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 365-son qarori qabul qilindi va ushbu qaror bilan ayrim toifadagi o‘quvchilarni qo‘shimcha ta’limga jalb qilish hamda ularni o‘qitish xarajatlarining ma’lum qismi Davlat byudjetidan qoplab berilishi belgilandi. Qarorga ko‘ra, Kambag‘al oilalar reestriga kiritilgan oilalarning umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ta’lim olayotgan farzandlarini qo‘shimcha ta’limga jalb qilish hamda ularni o‘qitish xarajatlarining 80 foizini Davlat byudjetidan qoplab berish tartibini belgilandi.

Kambag‘al oilalar reestriga kiritilgan oilalar qanday qilib bu imtiyozdan foydalanishi mumkin?

Qaror bilan 2025 yil 1 sentyabrga qadar o‘quvchilarni to‘garaklarga jalb qilish va ularning xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha elektron platforma ishlab chiqilishi va ishga tushirilishi belgilangan. Bunda o‘quvchilarning ota-onalari yoki qonuniy vakili hamda ta’lim tashkilotlari o‘rtasida shartnomalar tuzish O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi. Imtiyozdan foydalanish uchun arizalar YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin. Ariza beruvchilarning Kambag‘al oilalar reestriga kiritilganligi elektron platforma orqali tekshiriladi.

Elektron platformada o‘quvchilarning ota-onalariga yoki qonuniy vakiliga to‘garaklarni tanlash va ulardan foydalanish uchun so‘rov yuborish, ta’lim tashkilotlariga to‘garak xizmatlarini taqdim etish, ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘garak to‘lovining ma’lum qismini qabul qilish, davomatni yuritish, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga monitoringni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

O‘quvchilar bir vaqtning o‘zida ko‘pi bilan ikkita to‘garakni tanlashi hamda (ta’til vaqtlari bilan birga) 9 oydan ko‘p bo‘lmagan davrda to‘garakka borishi mumkin. Bunda o‘quvchi umumiy o‘rta ta’limni yakunlagunga qadar bu imtiyozdan ikki martagacha foydalanishlariga ruxsat beriladi.

To‘garak xizmatlari xarajatlarining Davlat byudjetidan to‘lab beriladigan eng ko‘p miqdori belgilangan.

Bir nafar o‘quvchiga har bir to‘garak uchun bir oylik to‘lov quyidagi miqdorlardan oshishiga yo‘l qo‘yilmaydi:

1) 7 — 11 yoshdagi o‘quvchilar uchun darsdan keyingi qo‘shimcha ta’lim uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan;

2) 12 — 18 yoshdagi o‘quvchilar uchun umumta’lim fanlari, 15 — 18 yoshdagi o‘quvchilar uchun xorijiy til yo‘nalishlaridagi to‘garaklar uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan;

3) 15 — 18 yoshdagi o‘quvchilar uchun axborot texnologiyalari, kasb-hunar yo‘nalishlaridagi to‘garaklar uchun bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravaridan.

Bunda to‘garakka jalb qilingan o‘quvchilarning to‘garak xarajatlari ushbu oila Kambag‘al oilalar reestridan chiqarilgandan keyin ham to‘garak yakunlangunga qadar to‘lab beriladi.

 

Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti  Urazbayev Tursunboy

 

 

Мавзуга оид