s
USD: Rub: Eur:
2024-12-27 625

Savol: Ma'muriy javobgarlikka tortilgan xodimga ham intizomiy jazo qo'llasa bo'ladimi?

Javob: E’tibor bering, gap faqat bitta intizomiy jazo xususida ketmoqda. Ya’ni xodimga masalan, ham hayfsan, ham jarima qo‘llay olmaysiz. Faqatgina Mehnat kodeksining 312-moddasidagi intizomiy jazolardan faqat birini qo‘llay olasiz.  Ma’muriy yoki jinoiy jazo emas, aynan intizomiy jazo xususida gap ketmoqda.

MK 300-moddasiga ko‘ra, intizomiy javobgarlik xodim tomonidan intizomiy qilmish (ushbu Kodeks 301-moddasining ikkinchi qismi) sodir etilganligi uchun yuzaga keladigan va ushbu xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishida ifodalanadigan yuridik javobgarlikdir.

Ya’ni intizomiy javobgarlik yuridik javobgarlikning bir turidir. Yuridik javobgarlikning ma’muriy, jinoiy, fuqarolik, intizomiy, moddiy javobgarlik kabi turlari bor.

Xodimni ma’muriy javobgarlikka tortilishi, ish beruvchining xodimga nisbatan intizomiy javobgarlik qo‘llash huquqidan mahrum qilmaydi.

Agar sodir etilgan huquqbuzarlik xodimning o‘z mehnat vazifalarini bajarish bilan bevosita bog‘liq bo‘lsa hamda xodim ma’muriy javobgarlikka tortilsa, ish beruvchi xodimga bemalol intizomiy jazo qo‘llashi mumkin.

Masalan, shifokor hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli holatda bo‘lgan shaxsga shoshilinch va (yoki) kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishni asossiz ravishda rad etganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi (MJTK 59-1 moddasi). Bu holatda shifokorga Mehnat kodeksining 312-moddasidagi intizomiy jazolardan birini qo‘llash mumkin.

E’tibor bering, agar tashkilotning  ichki mehnat tartib qoidalarda tibbiy yordam ko‘rsatishni asossiz ravishda rad etish mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzish sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, bunday shifokor bilan mehnat shartnomasini 161-modda ikkinchi qismining 5-bandi bilan ham bekor qilish mumkin.

Endi masalaga boshqa tomondan qaraymiz. Shifokor tezlikni oshirgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi (MJTK 128-3-moddasi). Lekin bu holatda ish beruvchi bu xodimga intizomiy jazo chorasi qo‘llay olmaydi.

Chunki, MK 301-moddasiga ko‘ra, xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilishi xodimni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

Intizomiy qilmish deganda xodim tomonidan o‘z mehnat majburiyatlarini aybli tarzda, g‘ayriqonuniy ravishda bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi (mehnat (lavozim) majburiyatlarining buzilishi) tushuniladi.

 

Gurlan tuman yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi bosh yuriskonsulti                                             Po‘latov Shoxrux Baxram o‘g‘li

 

Мавзуга оид