s
USD: Rub: Eur:
2023-11-27 488

Konstitutsiyada “monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklanadi”, degan qatʼiy normani belgilanishining ahamiyati nimada?

 

Tovarlar va xizmatlar bozorida samarali raqobat muhitini yaratish maqsadida monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish iqtisodiyotni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yil 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda “Davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlashi lozim”, deb taʼkidlangandi.

Amaldagi Konstitutsiyada tadbirkorlik, iqtisodiy faoliyat erkinligi belgilangan bo‘lsa-da, aynan ushbu faoliyatni samarali faoliyat ko‘rsatishiga salbiy taʼsir ko‘rsatadigan monopol tashkilotlar faoliyatini cheklash bo‘yicha maxsus norma belgilanmagan.

Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 67-moddasida ilk marotaba “Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklanadi”, degan qatʼiy normaning kiritilganligi iqtisodiyot tarmoqlarida monopol faoliyatni cheklash orqali raqobatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tizimli iqtisodiy-huquqiy tartibga solishning konstitutsiyaviy asoslarini shakllanishiga xizmat qiladi.

Darhaqiqat, iqtisodiyotni rivojlantirish manfaatlari nuqtayi nazaridan davlatning monopol faoliyatni tartibga solish kabi muhim vazifani o‘z zimmasiga olishi biznes hamjamiyatning ham, aholining ham manfaatiga javob beradi. Bunda qo‘llanilayotgan eng asosiy yondashuv barcha bozorlarda sog‘lom raqobat muhitini taʼminlashdan hamda raqobatni olib kirish mumkin bo‘lgan tabiiy monopoliya sohalariga xususiy sektor uchun yo‘l ochishdan iborat bo‘lmog‘i lozim. Shu bilan birga, yuqori ijtimoiy ahamiyat kasb etuvchi sohalardagi tabiiy monopoliyalar (masalan, neft, neft mahsulotlari va gazni quvur orqali transportirovka qilish, temir yo‘llarda tashish va boshq.) faoliyatini isteʼmolchilar manfaati ustunligi nuqtayi nazaridan tartibga solinishi zarur. Bunday tartibga solish davlat tomonidan narxlarni yoki ularning eng yuqori (eng past) darajasini o‘rnatish orqali amalga oshiriladi.

Bunday normalar Avstriya, Bolgariya, Xorvatiya kabi xorijiy mamlakatlar konstitutsiyalarida ham o‘z ifodasini topgan.

 

Tuproqqal’a tuman Yuridik

xizmat ko`rsatish markazi

Bosh yuriskonsulti                                                               Eshchanov Ixlosbek Ilhom o`g`li

Мавзуга оид