s
USD: Rub: Eur:
2025-06-29 663

O‘zini o‘zi band qilish tartibi qanday?

Kimlar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hisoblanadi?

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar — mehnat daromadi olishga yo‘naltirilgan, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olinmagan, mehnat staji hisobga olinishi va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan jismoniy shaxslar sanalishadi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar qaerda saqlanadi?

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar bazasi (registr) davlat soliq xizmati organlari tomonidan yaratiladi va parallel ravishda «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida shakllantiriladigan jismoniy shaxsning shaxsiy ishga joylashishi tarixiga integratsiya qilinadi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan jismoniy shaxsning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi talab etilmaydi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxsga qanday faoliyat taqiqlanadi? 

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘z faoliyatida yollanma xodimlar mehnatidan foydalanishga hamda tadbirkorlik sub’ektlariga yollangan xodim sifatida mehnat faoliyatini amalga oshirishga haqli emas.

Tashkilotlar tomonidan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni shartnoma asosida bir martalik xizmatlar ko‘rsatish va ishlarni bajarish bo‘yicha faoliyatga jalb qilishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash ijtimoiy soliqni hisoblab chiqish ob’ekti hisoblanmaydi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs soliq to‘laydimi?

O‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan daromadlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tatbiq etilmaydi. Bunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyatidan tashqari olingan daromadlariga O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan tartibda soliq solinadi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs maxsus mobil ilova yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yoxud davlat soliq xizmati organiga kelgan holda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Bunda so‘rovnoma o‘zini o‘zi band qilgan shaxs tomonidan maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali elektron shaklda mustaqil ravishda, davlat soliq xizmati organiga kelganda esa soliq organi xodimi tomonidan to‘ldiriladi.

Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti  Urazbayev Tursunboy

Мавзуга оид