s
Xorazm viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Omad chorvador” fermer xo‘jaligi rahbari B.B.ning fermer xo`jaligi yerlari zaxira yer fondiga qaytarilganligidan nozori bo‘lib qilgan murojaati ko`rib chiqildi.
Аniqlanishicha, Xonqa tumani hokimining 2015-yil 26-avgustdagi tegishli qarori bilan “Omad chorvador” f/x.ga umumiy yer maydoni 150,2 gektar yer maydonlari ajratib berilgan.
Ushbu hokim qaroriga asosan f/x va tuman hokimligi o‘rtasida yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish to‘g‘risida 2021-yil 8-noyabrda shartnoma tuzilib, yer maydonlari ijraga berilgan.
“Omad chorvador” f/x 2019-2022-yillarda ijaraga olingan yer maydonlariga belgilangan ekinlarni (ekib) joylashtirib, faoliyat yuritib kelgan hamda ijaraga olingan yer maydonlarining soliqlari belgilangan tartibda to‘lab kelingan.
Biroq, 2022-yil 22-dekabr kuniga kelib “Omad chorvador” f/x rahbari tuman hokimining 2019-yil 14-fevraldagi tegishli qarori bilan fermer xo‘jaligi yerlari zaxira yer fondiga qaytarilganligi to‘g‘risida xabardor qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, tuman hokimining 2019-yil 14-fevralda tegishli qarori qabul qilinib, unda “Omad chorvador” f/x va tuman hokimligi o‘rtasida tuzilgan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilish, 150,2 gektar yer maydonlarini zaxira yer fondiga qaytarish va fermer xo‘jaligini tugatish belgilangan.
Tuman hokimining ushbu qarorini qabul qilishga asos bo‘luvchi hujjatlar o‘rganilganida faqat Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga faoliyat yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini maqbullashtirish bo‘yicha Xonqa tumani ishchi guruhining xulosasi mavjudligi, boshqa hujjatlar, shu jumladan fermer xo‘jaligi rahbarining ijara shartnomasini bekor qilib, yer maydonlarini zaxira yer fondiga qaytarish to‘g‘risidagi arizasi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.
Vaholanki, Yer kodeksining 24-moddasiga ko‘ra yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan “Fermer xo‘jaligining yer maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi to‘g‘risi”dagi nizom ning 12-bandiga muvofiq fermer xo‘jaligi tomonidan shartnoma intizomi buzilishining hamda xo‘jalik faoliyati samarasiz yuritilishining aniqlangan holatlari asosida fermer xo‘jaligi yer maydonini maqbullashtirish mahalliy davlat hokimiyati organlari tashabbusi bilan amalga oshiriladi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan, sudga kiritilgan ariza qanoatlantirilib, tuman hokimining 2019-yil 14-fevralda tegishli qarori haqiqiy emas deb topildi va fuqaroning murojaati ijobiy yechimini topdi.
Bu esa joylarda huquqiy targ‘ibot ishlarining jonlanayotgani, shuning natijasida fuqarolarimiz qonunchilikdan oz bo‘lsa ham xabardor bo‘lib borishayotganidan dalolatdir.
Rasulbek IBRAGIMOV
Xorazm viloyat adliya boshqarmasi
bosh maslahatchisi