s
USD: Rub: Eur:
2023-07-30 928

Yoshlar kutubxonasi – chinakam ziyo maskani

 

Tarixdan ma’lumki, boy kutubxonalarga ega bo‘lgan davlatlarda qadimdan fan va madaniyat yaxshi rivojlangan buyuk olim hamda mashhur kishilar yetishib chiqqan. Bu isbot talab etmaydigan haqiqatdir.

Ma’naviyatni yuksaltirish, yoshlar o’rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, kitob mutolaasi insonni ma’naviy kamolot sari yetaklashini, insonni har tomonlama yetuk, komil shaxs sifatida shakllanishidagi o’rni nihoyatda beqiyosdir. Jumladan, sharq mutafakkirlari qarashlarida, g’oyalarida, asarlarida inson kamoloti, ma’naviy yetuklik, vatanparvarlik, ta’lim-tarbiya kabi masalalarda qimmatli ma’lumotlar berib o’tilgan. Shu boisdan, yaqindagina Urganch shahrida zamonaviy loyiha asosida yangi  “Yoshlar kutubxonasi” tashkil qilindi.

Bugungi kunda shahar yoshlarining, talabalarning sevimli maskaniga aylangan mazkur kutubxona yuz ming kitob fondiga ega va bu yerda o‘zbek hamda jahon adabiyotining eng sara asarlari jamlangan. Unda 7 000 xildagi darsliklar, ilmiy va badiiy adabiyotlar jamlangan. Ilm markaziga Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining elektron bazasi ham ulangan.

Kutubxona bir vaqtning o‘zida 200 nafardan ortiq kitobxonni o‘z bag‘riga sig‘diradi. Eng zamonaviy shart-sharoitlarga ega ziyo maskani hamisha kitobxonlar bilan gavjum.

Shuningdek, kutubxona bepul Wi-Fi tarmogʻi, eng zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan. Oʻquvchilar kitoblarni uylariga olib ketib oʻqish imkoniyatiga ham egalar. Shunday shinam ziyo maskanining ochilishida tashabbuskor boʻlgan yosh tadbirkor Quvondiq Abdullayev kitobxon yoshlar uchun o’z yordamini ayamasligini va ularning talablaridan kelib chiqib kutubxonada yangiliklar yaratishni rejalashtirayotganini aytib o’tdi:  “Tan olish kerak, internet rivojlangan hozirgi davrda hammayam kutubxonaga borib kitob o‘qiydi deya olmaymiz. Zarur bo‘lganda ko‘pchilik SMART telefonlar yoki kompyuter orqali elektron kitob o‘qiydi. Yangi kutubxonada ana shu omillarni hisobga olib, odamlarni, ayniqsa yoshlarni kitob o‘qishga qiziqishini kuchaytirish maqsadida turli interaktiv loyihalar ham joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.”

Telefonda yoki kompyuterda kitob o‘qish yaxshi lekin, uning inson salomatligiga zararini aslo unutmaslik kerak. O’z-o‘zidan ayonki, kitob o‘qish, bu – hayotdagi o‘sish, ilgarilash, rivojlanish, kamol topish, o‘zini o‘zi tarbiyalash, mustaqil ta’lim olishdir. Demak, u insonga foyda keltiradi, o‘ziga ishonchini mustahkamlashga yordam beradi. Mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida aholini, ayniqsa yoshlarni kitobxonlikka jalb qilish, yirik kutubxona qurishdan ko‘zlangan maqsad aniq. Ya’ni Yangi O’zbekistonni bilimli, ma’naviyatli, zukko, ilmga chanqoq, hayotda o‘zining qat’iy pozitsiyasiga ega, vatanparvar yoshlar bilan qurishdan iboratdir.

 

Mavjuda Sobirboyeva

 Jurnalist

Мавзуга оид