s
Umumiy qoidaga ko‘ra, ishga qabul qilishdan avval shaxslardan sog‘lig‘i holati haqidagi ma’lumotnoma yoki qandaydir tibbiy hujjatlar talab qilish mumkin emas. Bu borada Mehnat kodeksining 124-moddasida ishga qabul qilishdan oldin talab qilinadigan hujjatlar qatorida ham tibbiy hujjatlar ko‘rsatilmagan. Aksincha, mazkur moddaning oxirgi qismida ishga qabul qilish chog‘ida shaxsdan ushbu Kodeksda, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanishi ko‘rsatilgan.Biz yana bir muhim qoida haqida aytishimiz kerak. Ma’lumki, fuqarolarning sog‘lig‘i holati haqidagi ma’lumotlar qonunchilik tilida uning shaxsiga doir ma’lumotlar turkumiga kiradi. Bu masalada Mehnat kodeksining 178-moddasida ish beruvchilar zimmasiga xodimning sog‘lig‘i holati haqidagi axborotni so‘rab olmaslik (bundan xodim tomonidan mehnat vazifasini bajarish imkoniyati to‘g‘risidagi masalaga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlar mustasno) yuklatilgan. Demak, hulosa shuki, umumiy holatlarda shaxslarni ishga qabul qilishdan yoki boshqa lavozimga tayinlashdan oldin ulardan sog‘lig‘i holati haqida tibbiy ma’lumotnomalar talab qilish yoki bu bo‘yicha axborotlar olish noto‘g‘ri. Faqat alohida qonunchilik hujjatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan va muayyan ishlarni bajarish uchun shaxsning salomatligi bunga qodir bo‘lishi kerak bo‘lgan holatlardagina ish beruvchi shaxsning sog‘lig‘i haqidagi rasmiy axborot (ma’lumot)lar asosida ishga qabul qiladi.
Masalan, ichki ishlar organlarida (PQ-3413-sonli nizomning 6-bandi), xarbiy xizmatchilarda (PQ-4447-sonli nizomning 137-bandi), bojxona organlarida (PQ-3665-sonli nizomning 4-bandi) kabi davlat organlarida shaxsning jismoniy tayyorgarligi va sog‘lig‘i holatiga qarab ishga qabul qilinadi. Yoki bajarishi uchun avval dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tish talabi qo‘yilgan kasb va lavozimlar bor. Bularning barchasida ishga qabul qilishdan avval shaxsning sog‘lig‘i haqida axborot olish alohida qonunchilik hujjatlarida ko‘zda tutilgan, oddiy qilib aytganda, bunga ruhsat berilgan.
Shovot tumani Аdliya boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti D.А.Аzamatova