s
USD: Rub: Eur:
2023-11-02 237

Poyabzal va mo‘ynali mahsulotlar eksport qiluvchi korxonalarga imtiyozli kreditlar ajratiladi

Charm-poyabzal va mo‘yna sanoatini rivojlantirish dasturiga $340 mln yo‘naltiriladi.

Charm-poyabzal va mo‘ynali mahsulotlar eksport qiluvchi korxonalarga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Bu bo‘yicha prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

Shavkat Mirziyoyev 11-oktabrdagi qarori bilan 2023−2025-yillarda teri xomashyosini qayta ishlash asosida eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalari dasturini bir oy muddatda tasdiqlash to‘g‘risida farmoyish berdi.

Kelgusi yillarda charm-poyabzal va mo‘yna sanoatini rivojlantirish dasturiga $340 mln yo‘naltiriladi.

Xususan, dasturni moliyalashtirish Fransiya taraqqiyot agentligi va Jahon banki ($100 mln), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ($200 mln), shuningdek foydalanilmagan kreditlar ($40 mln) hisobidan amalga oshiriladi.

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi charm-poyabzal kichik sanoat zonasida markazlashtirilgan suv tozalash inshootini qurish uchun 10 yilgacha muddatga budjetdan 50 mlrd so‘m miqdorida kredit ajratiladi.

2025-yilgacha mayda shoxli hayvonlarning yarim tayyor charm mahsulotlarini bojxona orqali olib chiqishda yig‘im undirilmaydi.

Bundan tashqari, Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan charm-poyabzal va mo‘yna mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga 12 oydagi eksport hajmidan kelib chiqib, quyidagi tartibda 2 yil muddatgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi:

  • eksport hajmi $1 mlndan $2 mlngacha bo‘lsa — $1 mlngacha;
  • eksport hajmi $2 mlndan $4 mlngacha bo‘lsa — $2 mlngacha;
  • eksport hajmi $4 mlndan ortiq bo‘lsa — $3 mlngacha.

Bunda, kreditlar yillik 4%dan oshmaydigan stavka bo‘yicha berilib, shundan 2% bankning marjasi bo‘ladi.

Shuningdek, xorijda savdo uylari va do‘konlarini tashkil etish uchun charm-poyabzal va mo‘yna sanoati korxonalari alohida qarorlarsiz yiliga $50 minggacha xorijga pul o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi.

Avvalroq “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida $1,7 mlrd miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilangandi.

 

Yangibozor tumani adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish

 markazi bosh yuriskonsulti                                                                               D.Otabayev

Мавзуга оид