s
“Elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yanada oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident qarori (PQ–15-son, 10.01.2024-y.) qabul qilindi
Qarorga ko'ra, 2024-2025-yillar uchun elektrotexnika tarmog'ini rivojlantirish bo'yicha asosiy maqsadli ko'rsatkichlar belgilandi. Unda quyidagilar nazarda tutilgan:
misni qayta ishlash quvvatini 2024-yilda 140 ming va 2025-yilda 160 ming tonnaga yetkazish;
mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2024-yilda 30,8 trillion so'mgacha va 2025-yilda 38 trillion so'mgacha oshirish;
mahsulotlar eksport hajmini 2024-yilda 1,5 milliard AQSH dollari va 2025-yilda 2 millard AQSH dollari miqdorida ta'minlash.
Elektrotexnika sanoatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 2024-2026- yillarda tijorat banklariga, ularning buyurtmasiga asosan 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga, yillik 5 foiz stavkada 100 mln AQSH dollari miqdorida kredit liniyasi ochiladi.
Bunda banklar tomonidan tadbirkorlarga 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga yillik 7 foiz stavkada (shundan 2 foiz bank marjasi) kreditlar ajratiladi.
2027-yil 1-yanvargacha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80 foizidan kam bo'lmagan elektrotexnika tarmog'i korxonalariga foyda solig'i va mol-mulk solig'i bo'yicha stavkalar 50 foizga kamaytiriladi.
2024-yil 1-apreldan davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan import tovarlarining DDP (O'zbekiston) narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:
➖3 ta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 15 foiz;
➖2 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 12 foiz;
➖1 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 8 foiz.
Qaror bilan shuningdek, 2024-yil 1-fevraldan O'zbekistonga olib kirishda ularning sifati, xavfsizligi va servis kafolatini ta'minlaydigan ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud bo'lishi talab qilinadigan mahsulotlar ro'yxati tasdiqlandi.
Yangiariq tumani yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti R.N.Aminov