Mamlakatimizda uy-joy qurilishi sohasini uy-joylarni loyihalashtirishdan tortib, foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan bosqichlarda kompleks tartibga solish, uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini takomillashtirish hamda turar va noturar joy ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatlash maqsadida Prezident Farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyili doirasida ob’ektlarni ulush kiritish asosida qurish jarayonida ulushdorlarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlash maqsadida shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2025 yil 1 iyuldan boshlab:
- a) ob’ektlarni qurishda qurilish-pudrat tashkilotlari, developerlar va buyurtmachilar tomonidan ulushdorlarning pul mablag‘larini qurilishga ulush kiritish asosida jalb qilish faqat notarial tasdiqlangan va kadastr organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ob’ekt qurilishida ulush kiritish asosida ishtirok etish shartnomasi bo‘yicha amalga oshiriladi;
- b) ulushli shartnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab tomonlar birgalikda qurilish-montaj ishlari tugallangan ob’ektdan foydalanishi uchun ruxsatnoma berilgunga qadar:
ulushli shartnoma bo‘yicha ulushdorning talab qilish huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga va ulushli shartnomani garov predmeti sifatida qabul qilishga ruxsat beriladi va kadastr organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi;
ulushli shartnomaga asoslangan mulkiy huquq va majburiyatlar ulushdorning merosi tarkibiga kiradi;
- v) ulushli shartnoma bo‘yicha mablag‘lar ulushdor tomonidan vakolatli tijorat bankida quruvchi, ulushdor va tegishli tijorat banki o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida ochilgan “eskrou” hisobvarag‘iga ularning hisobini yuritish uchun joylashtiriladi va deponentlanadi;
- g) ulushdorlarning uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlari va quruvchining majburiyatlari yuzasidan “eskrou” hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish, mablag‘larni xatlash yoki hisobdan chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi;
- d) ob’ektni qurish ishlarini moliyalashtirish quruvchining o‘z mablag‘lari, tijorat banklari tomonidan loyihaviy moliyalashtirish orqali ajratiladigan kredit mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi;
- e) birinchi bosqichda quruvchi tomonidan ob’ektni qurish ishlari umumiy hajmining kamida 30 foizio‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgandan so‘ng tijorat banki tomonidan quruvchiga maqsadli kredit ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
- j) tijorat banklari tomonidan quruvchilarga loyihaviy moliyalashtirish orqali ajratiladigan kreditlarning yillik foiz stavkasi “eskrou” hisobvarag‘ida jamlangan mablag‘lar hajmidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda “eskrou” hisobvarag‘ida mablag‘lar ko‘payishi natijasida kredit foiz stavkasini pasaytirib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
- z) ulushli shartnomaga asosan qurilgan va qurilish-montaj ishlari tugallangan ob’ektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berilgandan so‘ng:
“eskrou” hisobvarag‘ida deponentlangan mablag‘lar tijorat banki tomonidan quruvchining qurilish uchun ajratilgan kreditini so‘ndirish uchun yo‘naltiriladi va qolgan qismi quruvchiga o‘tkazib beriladi;
quruvchi va ulushdor tomonidan ulushli qurilish ob’ektini ulushdorga topshirish to‘g‘risidagi dalolatnoma imzolanadi;
ulushdorning ob’ektga bo‘lgan mulk huquqi kadastr organlari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi;
- i) ob’ektning qurilish-montaj ishlari o‘z vaqtida tugallanmagan va undan foydalanish uchun ruxsatnoma olinmagan taqdirda har bir kechikkan kun uchun alohida qat’iy belgilangan jarimalar joriy qilinadi va shartnoma yuzasidan muddatlar faqat ulushdorning roziligini olgan holda qo‘shimcha shartnoma tuzish orqali uzaytiriladi. Bunda ob’ekt loyiha-smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan muddatdan olti oy o‘tgandan keyin foydalanishga topshirilgan taqdirda, ulushdor “eskrou” hisobvarag‘idagi deponentlangan mablag‘larni ulushli shartnomani bir tomonlama bekor qilish orqali qaytarib olishi mumkin;
- k) qurilish-montaj ishlari tugallangan ob’ektdan foydalanish uchun ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan ob’ekt qurilishiga ulushdorlarning mablag‘larini jalb qilish uchun turar va noturar joyni naturada olish huquqini beruvchi qimmatli qog‘ozlarni taklif qilish va sotish hamda mazkur Farmonda belgilangan tartib talablariga javob bermaydigan boshqa shartnomalarni tuzish taqiqlanadi.
Qurilishga ulushdorlarning mablag‘larini jalb qilishda 2025 yil 1 iyuldan 2025 yil 31 dekabrga qadar “eskrou” hisobvaraqlari orqali hamda hozirda amalda bo‘lgan ulushli ishtirok etish tartibida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilish mexanizmi bo‘yicha parallel ravishda taraflarning tanloviga ko‘ra amalga oshiriladi ammo 2026 yil 1 yanvardan boshlab faqat “eskrou” hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti Urazbayev Tursunboy