s
USD: Rub: Eur:
2023-11-27 267

Yangilangan Konstitutsiyamizning 106-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti yetti yil muddatga saylanishi belgilandi.

 

Nima uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolat muddati besh yildan yetti yilga o‘zgartirildi?

 

 

Dunyo miqyosida prezidentlik institutining vujudga kelishi demokratiyaning g‘alabasi sifatida qaraladi. Chunki, davlat boshlig‘ini saylash prezidentlik institutining joriy etilishi bilan qo‘llanila boshlandi. Hozirgi vaqtda BMTga aʼzo 192 ta davlatning 143 tasida prezidentlik lavozimi mavjud. Shuning o‘zi ham dunyo xalqlari o‘z taqdirini Prezidentlik instituti bilan bog‘laganligini ko‘rsatadi.

Yurtimizda ham azal-azaldan kuchli hokimiyat tizimi asosida davlatchilik shakllanganligini hisobga olsak, bu naqadar dolzarbligini anglash qiyin emas.

Bugungi kunda sayyoramizda, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida geosiyosiy holat hamon murakkabligicha qolmoqda. Dunyoda sodir bo‘layotgan voqea va hodisalar, urushlar, ularning mazmuni, shakli va turining tez o‘zgaruvchanligi, turli nifoqli hududlarning kengayib borishi, katta davlatlarning kichik davlatlar ustidan hukmronlikka intilishi, bizni eng avvalo milliy manfaatlarimizga mos, xalqimizning tinch va osuda yashashini taʼminlaydigan normalarni yangilangan Konstitutsiyada aks ettirishimizni taqozo etadi.

Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, keng ko‘lamdagi davlat va jamiyat, sud-huquq, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilishi jarayonida ularning natijadorligini baholash uchun yetti yil oqilona muddat hisoblanadi. Chunki parlament, hukumat, sud hokimiyati va hokimlarning ham vakolat muddati besh yil bo‘lib, davlat boshlig‘ining vakolat muddatini ular bilan bir xil bo‘lishi islohotlar davrida barqaror davlat boshqaruvini amalga oshirishga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin. Prezident mazkur davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda va hamjihat faoliyat yuritishini taʼminlaydigan organ bo‘lib, uning vakolati yuqoridagi organlar bilan bir vaqtda yakunlanishi davlat hokimiyatida bo‘shliq yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.

Shu nuqtayi nazardan, jamiyatda barqarorlikni, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi hamjihatlik va hamkorlikni qaror toptirish, islohotlar uzviyligini taʼminlash uchun besh yil muddat kamlik qiladi. Eʼtiborlisi, bunda Prezidentlik lavozimining vakolat muddati alohida bir shaxs yoki guruh emas, balki xalq manfaatlari bilan uzviy bog‘liqdir. Zero, jamiyat manfaati va istagi xalq saylagan Prezident bilan chambarchasdir.

Italiya, Irlandiya, Isroil, Ozarbayjon, Qozog‘iston kabi mamlakatlarda Prezidentning vakolat muddati yetti yilni tashkil etadi. Tahlillar ushbu davlatlarda islohotlar uzluksiz amalga oshirilayotganligini, iqtisodiy jihatdan esa yuksalayotganligi ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, Konstitutsiya va qonunlarga rioya etilishining kafili hisoblanadi.

Taklif etilayotgan norma ushbu masʼuliyatli vakolatning ijrosini mustahkamlaydi. Mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash bo‘yicha

Prezident majburiyatlarini kuchaytiradi. Prezidentlik instituti ulug‘ maqsadlar yo‘lida jamiyatni birlashtirish va jipslashtirishda konstitutsiyaviy timsol sifatida ham katta amaliy ahamiyatga ega.

 

Tuproqqal’a tuman Yuridik

xizmat ko`rsatish markazi

Bosh yuriskonsulti                                                               Eshchanov Ixlosbek Ilhom o`g`li

Мавзуга оид