s
 
                             Kameral soliq tekshiruvi;
 Sayyor soliq tekshiruvi;
 Soliq auditi. 
Kameral soliq tekshiruvi — soliq to‘lovchi (soliq agenti) tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotini, moliyaviy hisobotni, shuningdek soliq to‘lovchining faoliyati to‘g‘risida soliq organida mavjud bo‘lgan boshqa hujjatlar hamda ma’lumotlarni tahlil qilish asosida soliq organi tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruv hisoblanadi.
 Kameral soliq tekshiruvi quyidagi hollarda o‘tkaziladi:
Soliq xavfini boshqarish tizimi asosida aniqlangan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi sodir etilganligi xavfi mavjudligida;
Soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotida tafovutlar yoki xatolar aniqlanganda.
Soliq organlari quyidagi hollarda ham kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishga haqli:
Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishi holatlari haqida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari soliq organiga tushganda.
Soliq to‘lovchi tomonidan oldin taqdim etilgan soliq hisobotiga nisbatan to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasini kamaytiradigan yoki ko‘rilgan zarar summasini ko‘paytiradigan aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilganda.
Kameral soliq tekshiruvi da’vo muddati o‘tmagan soliq davrlariga nisbatan o‘tkazilishi mumkin.
Soliq monitoringi o‘tkazilayotgan soliq (hisobot) davriga nisbatan kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi.
Kameral soliq tekshiruvi soliq organi joylashgan joyda amalga oshiriladi, bundan soliq to‘lovchining hududlarini va binolarini ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq holatlar mustasno.
Agar soliq to‘lovchi tomonidan avval hisoblangan soliq summasi o‘zgartirilib, kameral soliq tekshiruvi tugagunga qadar o‘n kun oldin aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilsa, kameral soliq tekshiruvi ushbu taqdim etilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotini hisobga olgan holda o‘tkaziladi.
Kameral soliq tekshiruvining umumiy muddati oltmish ish kundan oshishi mumkin emas.
 Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
soliq xavfini boshqarish tizimi orqali aniqlangan, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish xavfi mavjudligi;
jismoniy yoki yuridik shaxslarning soliq yoxud valyuta to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi holatlari to‘g‘risidagi murojaatlari, shu jumladan, tovarlar va xizmatlarning narxini asossiz oshirib yuborish holatlari to‘g‘risida, yo‘lovchilarni yengil avtotransport vositalari bilan tashish bo‘yicha noqonuniy tadbirkorlik faoliyati;
ommaviy axborot vositalarida soliqqa va valyutaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar e’lon qilinganda;
o‘tkazilayotgan kameral soliq tekshiruvini xolisona amalga oshirish maqsadida qo‘shimcha ma’lumotlar olish zarurati yuzaga kelganda;
valyuta operatsiyalari amalga oshirilishining asoslanganligi yuzasidan monitoring olib borish jarayonida soliq organi yuborgan so‘rovnomaga soliq to‘lovchi tomonidan hujjatlar yoki axborot taqdim etilmagan yoxud to‘liq taqdim etilmaganda;
sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek, boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan soliq va valyutaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida dalolat beruvchi axborot tushganda.
  Sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazish davri
Sayyor soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi. Sayyor soliq tekshiruvini tayinlash to‘g‘risidagi buyruqda ko‘rsatilgan sana ushbu tekshiruvni o‘tkazish muddatining boshlanishi deb hisoblanadi..
Soliq auditi – bu yuqori darajada riskka tushgan soliq to‘lovchi tomonidan soliq qonunlariga rioya etilishini har tomonlama o‘rganish hisoblanib, soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash xavfi omillarini tahlil qilish asosida tanlangan soliq to‘lovchilarga nisbatan o‘tkaziladi.
Xiva tuman yuridik xizmat ko`rsatish markazi 
bosh yuriskonsulti A.Abdusheripov