s
USD: Rub: Eur:
2023-12-15 795

Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash huquqi

 Salomatlik – insonning birlamchi ehtiyoji va istagi bo‘lib, faqatgina sog‘lom xalq, barkamol millat buyuk ishlarga qodir bo‘ladi.
Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning
48-moddasida “Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli”, degan mazmundagi hayotiy norma mustahkamlandi. Ushbu normaga ko‘ra:
birinchidan, ilk marotaba fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash huquqi Konstitutsiya darajasida belgilandi. Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash huquqini taʼminlash maqsadida mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, profilaktik choralarni kuchaytirish, birlamchi va ixtisoslashgan tibbiy xizmat aholiga yaqinlashtirish, tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy qilish, xususiy sog‘liqni saqlash tizimini kengaytirish, tibbiy xizmatni raqamlashtirish kabi tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2023-yilning hozirgi davriga qadar tibbiyot sohasiga byudjetdan 29 trillion so‘m yo‘naltirildi, bu mablag‘ 2016-yilga nisbatan 5 barobar ko‘pdir. O‘tgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash uchun mablag‘lar 12 barobar ko‘paytirildi.
Xususan, qishloqlardagi 801 ta oilaviy poliklinika zamonaviy tashxis apparatlari bilan taʼminlandi. Bu orqali qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. 23 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazlarining barcha hududlarda filiallari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Bularning barchasi yurtimizda istiqomat qilayotgan fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlashga qaratilgan amaliy choralardir.
Ikkinchidan, fuqarolarga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan ko‘rsatilishi aholi salomatligi uchun muhim ijtimoiy ko‘mak hisoblanadi. Hozirda aholi uchun tibbiy yordamning kafolatlangan bepul hajmi doirasiga shoshilinch tibbiy yordam, bir qator yuqumli kasalliklar bo‘yicha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar va xavfli kasalliklar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish kiradi.Davlat hisobidan kafolatlangan tibbiy xizmatni rivojlantirish maqsadida 2021-yildan boshlab, birlamchi bo‘g‘inda aholini 66 turdagi, 2022-yilda 120 turdagi dori vosita va tibbiy buyumlar bilan bepul taʼminlash yo‘lga qo‘yildi. Ixtisoslashgan markazlarda bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati shakllantirilib, tibbiy yordam uchun yo‘llanma elektron navbat asosida berilmoqda. Eng muhimi, bu tizimga asosan, mablag‘lar shifoxonaga emas, balki aniq bemorga ajratilmoqda.
Bunday norma Italiya, Bolgariya, Chexiya, Latviya, Litva kabi davlatlar konstitutsiyalariga ham kiritilgan.

Yangiariq tumani Adliya bo’limi

 Yuridik xizmat ko’rsatish markazi

 bosh yuriskonsulti Y.Xo`jamuratova

 

Мавзуга оид