s
2023 yilning 20 yanvar kunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-14-son qarori qabul qilingan.
Mazkur qarorga muvofiq aholi orasida OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurash samaradorligini oshirishga doir 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan kompleks
chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan.
Dastur o‘z ichiga quydagilarni oladi:
- Aholi orasida OIV infektsiyasini faol aniqlash maqsadida 15 ta OITSga qarshi kurash markazlari va ularning 63 ta tumanlararo diagnostika laboratoriyalarini so‘nggi avlodga mansub diagnostik test-tizimlar (IFA) bilan uzluksiz ta'minlash;
- OIV infektsiyasini yuqtirib olgan bemorlarda davolash samaradorligi monitoringini olib borish maqsadida OITSga qarshi kurash markazlarini zaruriy test-tizimlar (immunoblot, PZR, SD4) bilan uzluksiz ta'minlash.
- Migrantlarni OIV infektsiyasini ixtiyoriy tekshirish bilan qamrab olishni kengaytirish;
- OIVning onadan bolaga yuqishining oldini olish maqsadida OIV infektsiyali onalardan tug‘ilgan olti oylikkacha bo‘lgan bolalarni quruq sut aralashmasi bilan uzluksiz ta'minlash;
- OIV infektsiyasi bilan yashovchi shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish.
Shuningdek, qarorga ko‘ra nikohlanuvchi shaxslarni OIV infektsiyasi bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonini elektron tizim orqali amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 2023 yil 1 iyunga qadar Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2023 yil yakuniga qadar esa boshqa hududlarda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali FHDYo organlari va tegishli tibbiyot muassasalari o‘rtasida elektron hamkorlikni tashkil qilish belgilangan.
Yangibozor tuman adliya
bo‘limi boshlig‘i v.b
Bekchanov Doniyor Baxtiyarovich