s
Soliq tizimining raqamlashayotgani, ayniqsa, raqamli markirovkaning joriy etilishi yashirin iqtisodiyot ulushini «soya»dan chiqarishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 23 maydagi “Majburiy raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab soliq organlari raqamli markirovka qoidalariga rioya qilinishini masofadan nazorat qilishni boshlaydi. Tekshiruvlar tadbirkorni chaqirmasdan va uning faoliyatiga aralashmasdan fiskal chek va elektron hisobvaraq-fakturalarni tahlil qilish asosida amalga oshiriladi.
–Agarda savdo va xizmat ko‘rsatishda qoidabuzarlik aniqlansa, tadbirkorga uni bartaraf etish uchun avvalo ogohlantirish yuboriladi, – deydi Xorazm viloyat soliq bosharmasi mutaxassisi Namuna Rahimova. – Takroriy qoidabuzarlik aniqlanganda esa yana bir marta ogohlantirish beriladi. Faqat uchinchi marta qoidabuzarlik aniqlanganda jarima qo‘llaniladi. Avvalgi tartibga ko‘ra, ogohlantirishsiz jarima qo‘llanilar edi. Endilikda, shuningdek, masofaviy tekshiruvlarda jarimalar miqdori ham kamaytirilmoqda. Ogohlantirishlardan so‘ng jarima qo‘llashda birinchi marta — choraklik sof tushumning 0,2 foizi, ikkinchi marta 0,4 foizi, uchinchi marta 1 foizi, to‘rtinchi marta esa 2 foizi miqdorida jarima qo‘llaniladi. Shu bilan birga agar ikki marta ogohlantirishdan so‘ng tadbirkor bir yil ichida to‘rtinchi marta markirovka qoidalarini buzsa, bir yil davomida to‘langan QQS summasi qaytarilmaydi.
Chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Xorazm real trade” korxonasi rahbari Farida Rajabova nafaqat Urganch tumanida, balki viloyat bo‘yicha 2024 yilda eng ko‘p fiskal chek bergan tadbirkorlik subyekti ekanligi aniqlandi.
Tadbirkor yil davomida o‘z xaridorlariga 17 mingdan ortiq chek taqdim etgan. Natijada 10 mlrd 547 mln so‘m pul mablag‘larini nazorat kassa mashinasi orqali amalga oshirgan.
–Markirovka fuqarolar yoki tadbirkorga nima beradi, degan savol sizda tug‘ilishi mumkin, – deydi korxona ish yurituvchisi Yulduz Rajabova. – Gap shundaki, o‘z mahsulotiga ishongan tadbirkorlar markirovkadan samarali foydalanadi. Buning natijasida bozor va savdo rastalarida qalbaki mahsulotlar xavfi kamayadi va mahsulot sifatiga ishonch ortadi. Qolaversa, mahsulotning qaysi bosqichlardan o‘tganini kuzatish va uning haqiqiyligini soliq mobil ilovasi orqali tekshirish imkoniyati mavjud. Markirovka bozorda shaffoflikni ta’minlaydi. Biznesni esa qo‘llab-quvvatlaydi.
Darhaqiqat, raqamli markirovka — bu mahsulotlarga qo‘yiladigan maxsus kodlar bo‘lib, ular mahsulotni ishlab chiqaruvchidan to iste’molchiga yetib borguniga qadar kuzatishga imkon beradi. Bu tizim iste’molchilarni qalbaki mahsulotlardan, ayniqsa, qalbaki dori-darmon va alkogol mahsulotlaridan himoya qiladi.
Raqamli markirovka tizimining joriy etilishi yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytiradi hamda soliq tushumlarini oshiradi. Shuningdek, kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashishda ham samarali mexanizm hisoblanadi.
Romon Atajonov,
Xorazm viloyati soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar sho’basi boshlig‘i