s
USD: Rub: Eur:
2023-11-17 955

Shaxsning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqi

Atrof-muhit inson salomatligi va hayotiga bevosita taʼsir qiluvchi muhim omildir. BMT maʼlumotlariga ko‘ra, inson salomatligining 20-40 foizi atrof-muhit sifati va holatiga uzviy bog‘liq. Qulay atrof-muhit tabiiy zahiralar qisqarayotgan, global iqlim o‘zgarishi, ekologiya va tabiat bilan bog‘liq muammolar insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan hozirgi davrda tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Qulay atrof-muhit deganda, insonga munosib va farovon hayot kechirishga imkon beradigan, insonning jismoniy mavjudligini taʼminlaydigan, unga intellektual, axloqiy, ijtimoiy va maʼnaviy rivojlanish imkoniyatlarini beradigan muhit tushuniladi.

Shaxsning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqi insonning asosiy fundamental huquqlaridan bo‘lib, insonning barcha asosiy huquqlarini, shu jumladan yashash huquqini amalga oshirish uchun juda muhimdir.

Shu munosabat bilan, yangilangan Konstitutsiyamizning 49-moddasida:

birinchidan, har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega, degan qoida mustahkamlandi;

ikkinchidandavlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘radi, degan hayotiy zaruratga mos norma belgilandi.

Afsuski, Orolbuyi mintaqasida yuzaga kelgan global ekologik muammo 50 mln. nafarga yaqin mintaqa aholisining hayot tarziga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev 2018-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilk marotaba “Bugungi kunning eng o‘tkir ekologik muammolaridan biri – Orol halokatiga yana bir bor eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Mana, mening qo‘limda – Orol fojiasi aks ettirilgan xarita. O‘ylaymanki, bunga ortiqcha izohga hojat yo‘q”, deb taʼkidlagan edi. Shu bois, O‘zbekistonda Orol muammosi oqibatlarini bartaraf qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Orol dengizi tubining 2,5 mln. gektarida yangi “yashil makon” yaratilmoqda. Shuningdek, Orol va Orolbo‘yidagi murakkab ekologik vaziyat, aholi genofondini muhofaza qilish, salomatligini yaxshilash hamda ushbu hududda barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish bo‘yicha davlat tomonidan qo‘shimcha choralar ko‘rilishi davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida mustahkamlandi.

Konstitutsiyada ushbu normaning belgilanishi mintaqa aholisi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratilishini va turmush darajasini jiddiy tarzda yaxshilanishini taʼminlaydi, barcha kasb egalari, birinchi navbatda ijtimoiy soha vakillari uchun qo‘shimcha imtiyozlar paketi qo‘llaniladi hamda tadbirkorlik tuzilmalari va nodavlat notijorat tashkilotlarining atrof-muhitni himoya qilishga yo‘naltirilgan turli loyihalarda faol qatnashish imkoniyati paydo bo‘lishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, mazkur norma aholimiz va kelajak avlod uchun qulay va ekologik toza hududni saqlab qolish, Orolbo‘yi mintaqasida yashovchi aholining ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ularni yashashi va rivojlanishi uchun qulay atrof-muhitni taʼminlashning Konstitutsiyaviy kafolatlarini yaratmoqda. 

Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti  Urazbayev Tursunboy

 

Мавзуга оид