s
USD: Rub: Eur:
2025-06-29 827

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari huquqlari hamda qonuniy manfaatlari qanday himoya qilinadi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 9-oktabrdagi PF-5199-son Farmoni bilan O‘zbekiston fermerlari kengashining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari aniq belgilab berildi.

Unga ko‘ra:

► fermer, dehqon xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi kooperativlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini, shu jumladan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tayyorlov, ta’minot va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bilan munosabatlarda, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlar o‘tkazish jarayonida hamda sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishda himoya qilish;

► fermer xo‘jaliklariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va sotish ishlarida, shu jumladan, agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda hamda shartnomalar tuzishda, mahsulotlarni tashqi bozorlarga eksport qilishda har tomonlama ko‘maklashish;

► qishloq xo‘jaligida shartnoma intizomini mustahkamlash, fermer xo‘jaliklari rahbarlarining huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirish, agrar sohada mehnat munosabatlarini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

► fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda samarali faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklarini rag‘batlantirish, faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgan yer egalariga nisbatan jamoatchilik yo‘li bilan ta’sir choralarini ko‘rish;

► sohada zamonaviy resurstejovchi ilg‘or agrotexnologiyalarni, muqobil energiya vositalarini, shuningdek, innovatsiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga ko‘maklashish;

► ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari, sarimsoqpiyoz va to‘qsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtiruvchilarning faoliyatini rivojlantirishga va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashish hamda ular uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishda bevosita ishtirok etish;

► kooperatsiya asosida ishlaydigan klasterlar va eksport qiluvchi tashkilotlarni mahsulot yetishtiruvchilarga (fermer xo‘jaliklari va dehqon xo‘jaliklari) biriktirish;

► mahsulot yetishtiruvchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun o‘quv seminarlarini tashkil etish;

► xorijiy davlatlar fitosanitariya talablaridan kelib chiqib, avgust piyozi, sarimsoqpiyoz va to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarining eksportbop navlarini yetishtirish va eksport qilish borasidagi ishlarni tashkillashtirish;

► chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa sohalarga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish yuzasidan amaliy choralar ko‘rish, mazkur yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan namunaviy fermer xo‘jaliklarining tajribalarini keng ommalashtirish;

► qishloq xo‘jaligida huquqiy, iqtisodiy, moliyaviy, agrotexnik hamda boshqa masalalar bo‘yicha konsalting xizmatini, shuningdek, mahsulotni ishlab chiqarish, xarid qilish, qayta ishlash, sotish, ta’minot va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha fermer xo‘jaliklarining boshqa tashkilotlar bilan kooperatsiyasining turli shakllarini tashkil etish va kengaytirish, bu sohada ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish;

► qishloq joylarda aholining dehqonchilik madaniyatini yuksaltirish, ularning ekin maydonlaridan samarali foydalanish, shaxsiy manfaatdorligi va mas’uliyatini oshirish yuzasidan keng qamrovli targ‘ibot ishlarini olib borish;

► qishloq xo‘jaligida fermer, dehqon xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi kooperativlari ishtirokidagi shartnomaviy majburiyatlarning ijrosini monitoring qilish va jamoatchilik nazoratini yuritish.

Bundan tashqari ushbu farmon bilan Fermer xo‘jaliklari kengashlariga quyidagi huquqlar berildi.

♦ xalq deputatlari tuman Kengashlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yig‘ilishlarida fermer xo‘jaliklarining ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini muhokama qilishda ishtirok etish va o‘z xulosasini taqdim etish;

♦fermer xo‘jaligini tashkil etish istagini bildirgan talabgorlarni tanlash, ularning zaxirasini shakllantirish, malakasini oshirib borish;

♦ fermer xo‘jaliklari manfaatlarini ko‘zlab sudga davlat boji to‘lamasdan da’vo arizalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ularning mansabdor shaxslari xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyatlar taqdim etish. Bunda da’vo arizasini qanoatlantirish rad etilganda manfaati ko‘zlab da’vo arizasi kiritilgan fermer xo‘jaliklaridan davlat boji undirilmaydi.

Fermer xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa tashkilotlardan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda zarur ma’lumotlar, hujjatlar va materiallarni so‘rab olish.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi kooperativlarining manfaatlarini ko‘zlab sud muhokamasining istalgan bosqichida ishtirok etish, shuningdek, da’vo arizalari bilan bir qatorda apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida shikoyatlar, arizalar taqdim etish.

Fermer xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy ravishda O‘zbekiston fermer xo‘jaliklari kengashi bilan kelishilishi shart.

 

Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti  Sadikova Manzura

Мавзуга оид