s
USD: Rub: Eur:
2024-06-29 325

Savol: Ma'muriy javobgarlikka tortilgan xodimga ham intizomiy jazo qo'llasa bo'ladimi?

Javob: E’tibor bering, gap faqat bitta intizomiy jazo xususida ketmoqda. Ya’ni xodimga masalan, ham hayfsan, ham jarima qo‘llay olmaysiz. Faqatgina Mehnat kodeksining 312-moddasidagi intizomiy jazolardan faqat birini qo‘llay olasiz.  Ma’muriy yoki jinoiy jazo emas, aynan intizomiy jazo xususida gap ketmoqda.

MK 300-moddasiga ko‘ra, intizomiy javobgarlik xodim tomonidan intizomiy qilmish (ushbu Kodeks 301-moddasining ikkinchi qismi) sodir etilganligi uchun yuzaga keladigan va ushbu xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishida ifodalanadigan yuridik javobgarlikdir.

Ya’ni intizomiy javobgarlik yuridik javobgarlikning bir turidir. Yuridik javobgarlikning ma’muriy, jinoiy, fuqarolik, intizomiy, moddiy javobgarlik kabi turlari bor.

Xodimni ma’muriy javobgarlikka tortilishi, ish beruvchining xodimga nisbatan intizomiy javobgarlik qo‘llash huquqidan mahrum qilmaydi.

Agar sodir etilgan huquqbuzarlik xodimning o‘z mehnat vazifalarini bajarish bilan bevosita bog‘liq bo‘lsa hamda xodim ma’muriy javobgarlikka tortilsa, ish beruvchi xodimga bemalol intizomiy jazo qo‘llashi mumkin.

Masalan, shifokor hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli holatda bo‘lgan shaxsga shoshilinch va (yoki) kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishni asossiz ravishda rad etganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi (MJTK 59-1 moddasi). Bu holatda shifokorga Mehnat kodeksining 312-moddasidagi intizomiy jazolardan birini qo‘llash mumkin.

E’tibor bering, agar tashkilotning  ichki mehnat tartib qoidalarda tibbiy yordam ko‘rsatishni asossiz ravishda rad etish mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzish sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, bunday shifokor bilan mehnat shartnomasini 161-modda ikkinchi qismining 5-bandi bilan ham bekor qilish mumkin.

Endi masalaga boshqa tomondan qaraymiz. Shifokor tezlikni oshirgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi (MJTK 128-3-moddasi). Lekin bu holatda ish beruvchi bu xodimga intizomiy jazo chorasi qo‘llay olmaydi.

Chunki, MK 301-moddasiga ko‘ra, xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilishi xodimni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

Intizomiy qilmish deganda xodim tomonidan o‘z mehnat majburiyatlarini aybli tarzda, g‘ayriqonuniy ravishda bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi (mehnat (lavozim) majburiyatlarining buzilishi) tushuniladi.

 

  1. Savol: Malaka oshirish davrida xodimga xizmat safari xarajatlari to’lab beriladimi?

Javob: Xizmat safari va malaka oshirish boshqa-boshqa tushunchalardir. ❗️MK 280-moddasiga e’tibor bering! Unga ko’ra ish beruvchi, xodim xizmat safarida bo‘lgan davr va xodim ishdan ajralgan holda o‘zi va ish beruvchi uchun majburiy bo‘lgan qayta tayyorlashdan yoki majburiy malaka oshirishdan o‘tgan davr hamda boshqa holatlarda kafolatli to‘lovlarni amalga oshirishi shart.

Bundan tashqari, MK 286-moddasiga ko’ra, ish beruvchi quyidagi hollarda xodimga uning o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq xarajatlarni kompensatsiya qilishi shart:  xizmat safarlarida bo‘lganda,  ish beruvchining yo‘llanmasi bilan kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan o‘tganda.

E’tibor bergan bo’lsangiz, MK 280, 286 va boshqa moddalarda malaka oshirish va xizmat safari alohida-alohida ko’rsatilyapti.  Xizmat safari va malaka oshirish davrida xodimning o‘rtacha ish haqi saqlab qolinadi.

Diqqat! MK 370-moddasiga ko'ra, agar qayta tayyorlash yoki malaka oshirish ixtiyoriy ravishda amalga oshirilsa, ish beruvchi qayta tayyorlash yoki malaka oshirish vaqtida xodimning ish joyini (lavozimini) saqlab turishi shart. Xodimning o‘rtacha ish haqini saqlab qolish masalasi jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatda yoxud mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra hal qilinadi.

MK 287-moddasiga ko’ra, xizmat safari xodimning ish beruvchi farmoyishiga binoan doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirig‘ini bajarish uchun boshqa joyga ma’lum muddatga qiladigan safaridir. Doimiy ishi ko‘chib yurish yoki sayyor xususiyatga ega bo‘lgan xodimlarning xizmat safarlariga chiqishi xizmat safarlari hisoblanmaydi. Ish beruvchi xodimga MK 287-moddasida nazarda tutilgan xizmat safarlari chog‘idagi kompensatsiya to‘lovlarini qoplab berishi berishi shart.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 424-son qaroriga ILOVA “O‘zbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlari to‘g‘risida”gi Nizomga ko’ra, xizmat safari — tashkilot rahbarining buyrug‘iga (qarori, farmoyishiga) asosan xodimning o‘zining doimiy ish joyidan boshqa joyga xizmat topshirig‘ini bajarish uchun ma’lum bir muddatga yuborilishidir.

MK 367-moddasi 3-qismiga ko’ra, malaka oshirish deganda esa xodimning undagi mavjud kasb va mutaxassislik bo‘yicha ishlarni bajarishga tayyorligini tavsiflovchi, xodimning kasbiy bilimlari, malakalari va ko‘nikmalari darajasini takomillashtirish tushuniladi.

MK 290-moddasiga ko’ra, agar ish beruvchining yo‘llanmasi bo‘yicha xodimning kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan o‘tishi boshqa joyga ko‘chishni talab qilsa, xodimga o‘qish joyiga borish va qaytib kelish, shuningdek uy-joyni ijaraga olish xarajatlarining o‘rni qoplanadi.

Jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan ichki hujjatda kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkaga yuborilgan xodimlarga yashash joyidan tashqarida yashaganlik uchun kompensatsiya (sutkalik) to‘lovi belgilanishi mumkin.

Bundan tashqari, MK 370-moddasida ish beruvchining xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir huquq va majburiyatlari, 371-moddada esa kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish chog‘ida xodimlarning huquq va majburiyatlari belgilab qo’yilgan.

Demak, MK 290-moddasiga ko'ra, malaka oshirish boshqa joyga ko‘chishni talab qilsa, xodimga o‘qish joyiga borish va qaytib kelish, shuningdek uy-joyni ijaraga olish xarajatlarining o‘rni qoplanadi.

 

  1. Pensiya va Nafaqa orasidagi farq!

Juda ko‘pchilik pensiya va nafaqa tushunchalarini sinonim deb hisoblaydi ya’ni pensiya nafaqa so‘zining ruschasi deb xato o‘ylashadi (aslida, nafaqa rus tiliga “пособие” deb tarjima qilinadi).

Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda ham foydalanuvchilar pensioner va nafaqaxo‘r tushunchalarini sinonim sifatida noo‘rin ishlatishadi.

Xo‘sh, bu ikki tushunchaning farqi nimada?

O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, yetarlicha ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolar va ularning oilalari pensiya olish huquqiga ega. Ushbu Qonun bilan davlat pensiyalarining quyidagi turlari belgilanadi:

  1. yoshga doir pensiya.
  2. nogironlik pensiyasi.
  3. boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi.

Qonunning 7-moddasiga ko’ra, yoshga doir pensiya olish huquqiga:

erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda;

ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan shartlar va me’yorlarga muvofiq davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar  nafaqa olish huquqiga egalar.

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-martdagi 119-son qaroriga 1-ilova “Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ayrim toifadagi shaxslarga nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom nafaqalarni tayinlash, qayta hisoblash, ularning turini o‘zgartirish va to‘lash tartiblarini belgilaydi.

Ushbu Nizom bo‘yicha quyidagi nafaqalar tayinlanadi:

  1. a) nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqasi;
  2. b) parvarishlash nafaqasi;
  3. v) nogironlik nafaqasi;
  4. g) boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi;
  5. d) yoshga doir nafaqa.

Nizomning 19-bandiga ko’ra, yoshga doir nafaqa ayollarga — 60 yosh (bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor (bo‘lgan) onalarga esa 55 yoshdan) va erkaklarga — 65 yoshga yetganda tayinlanadi.

 

  1. Savol: Pensiya miqdori faqat oylik ish haqidan hisoblanadimi yoki ustama va mukofot pullari ham inobatga olinadimi?

Javob: Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 13 oktyabrdagi 592-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Nizomining 82-bandiga muvofiq:

- pensiya hisoblashda ish haqi tarkibiga, shuningdek, ish haqining natural qismiga 2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun qonunchilikka muvofiq sug‘urta badallari;

- 2019 yildan keyingi davr uchun O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 371-moddasida ko‘rsatilgan mehnatga haq to‘lash tarzidagi barcha daromadlar kiritiladi.

Ya’ni fuqarolarning mehnat faoliyatlari davomida olgan ish haqlariga qo‘shimcha ravishda to‘langan ustama va mukofot pullari pensiya hisoblashda inobatga olinadi.

 

  1. Ishlanmaydigan bayram va dam olish kunlari ishga jalb qilish.

Mehnat kodeksining 209-moddasiga asosan dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlash taqiqlanadi.

 

Mazkur moddada alohida istisnolar ham bor. Alohida shoshilinch ishlarni bajarish zarurati tug‘ilganda xodimlarni ularning yozma roziligi bilan bayram va dam olish kunlari ishga jalb qilish mumkin.

 

Shuningdek, Kodeksning 210-moddasiga ko‘ra esa quyidagi holatlarda xodimlarni roziligisiz bayram va dam olish kunlari ishga jalb qilish mumkin:

 

1) tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlarning, ishlab chiqarishdagi avariyalarning, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning, shuningdek yong‘inlarning, toshqinlarning, zilzilalarning, epidemiyalarning yoki epizootiyalarning oldini olish yoki oqibatlarini bartaraf etish hamda aholining yoxud uning bir qismining hayotiga yoki normal yashash sharoitlariga tahdid soladigan boshqa alohida hollarda bajariladigan ishlar amalga oshirilishi uchun;

 

2) baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun;

 

3) markazlashtirilgan issiq suv ta’minoti, sovuq suv ta’minoti va (yoki) suv chiqarish tizimlarining, gaz ta’minoti, issiqlik ta’minoti, yoritish, transport, aloqa tizimlarining normal ishlashini buzadigan kutilmagan holatlarni bartaraf etishga doir ijtimoiy jihatdan zarur ishlar amalga oshirilishi uchun;

4) ish beruvchining mulkini nobud qilish yoki unga zarar yetkazishning oldini olish uchun.

 

Alohida eslatma, MK 263-moddasiga asosan ishlanmaydigan bayram va dam olish kunlari ishlaganligi uchun xodimlarga kamida 2 xissa miqdorida haq to‘lanishi shart.

 

Bu moddadagi yana bir muhim qoida: dam olish kunidagi yoki ishlanmaydigan bayram kunidagi ish xodimning xohishiga ko‘ra boshqa dam olish kunini berish bilan kompensatsiya qilinishi mumkin.

 

Bunday hollarda, xodimga kamida bir hissa miqdorida ish haqi to‘lanadi va boshqa dam olish kuni uchun haq to‘lanmaydi.

 

  1. Savol: O‘qituvchi dars jarayonida o‘quvchini urib, shaxsiyatiga tegsa qonunchilikda qanday choralar bor?

Javob: Pedagogning bolalarni haqorat qilishi va ularga qo‘l ko‘tarishi huquq va ahloq mezonlariga mos kelmaydi.

Bu vaziyatda o‘sha shaxsni Mehnat kodeksi 161-moddasi ikkinchi qismi beshinchi bandi bilan (xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi) ishdan bo‘shatish mumkin.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 31-avgustdagi 282-son buyrug‘iga 1-ilovada tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari 13-bandiga ko‘ra o‘qituvchilarga o‘quvchilar bilan munosabatda o‘quvchilarni jazolash maqsadida ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatish yoki ruhiy tazyiq o‘tkazish holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

Aynan shu qoidaga ko‘ra o‘quvchiga tazyiq o‘tkazmaslik (garchi qo‘l ko‘ratmasa-da, u bilan urushmaslik) o‘qituvchining majburiyatlaridan biri hisoblanadi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, MK 161-moddasida mehnat intizomini bir marta qo‘pol ravishda buzish holati keltirilgan.

Ushbu kodeks 162-mododasiga muvofiq xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan mehnat majburiyatlarining bir marta qo‘pol ravishda buzilishlari ro‘yxati:

-  ichki mehnat tartibi qoidalari;

-  ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda tashkilot mulkdori va rahbari o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi, shuningdek xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat shartnomasi;

-  o‘ziga nisbatan intizom to‘g‘risidagi ustavlar va nizomlarning amal qilishi tatbiq etiladigan ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan qo‘llaniladigan intizom to‘g‘risidagi ustavlar hamda nizomlar bilan belgilanadi.

Shunga ko‘ra o‘qituvchilarga qo‘l ko‘tarmaslik va ularni haqorat qilmaslik majburiyati MMTV 282-son buyrug‘ida qayd etilgan.

Demak, bu holatda o‘qituvchini ishdan bo‘shatish huquqiy asosga ega.

  1. Savol: Kontraktning 12 foizini qaytarib olish mumkinmi?

Javob: Soliq summasini qaytarish mumkin.

Faqat bunda to‘langan kontrakt puli uchun yo‘naltirilgan daromaddan soliq to‘langan bo‘lishi shart. Boshqacha aytganda bu daromad rasmiy manbaga ega bo‘lishi talab etiladi.

Soliq kodeksining 378-moddasiga asosan soliq to‘lovchining O‘zbekiston Respublikasining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish (o‘zining, shuningdek yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun to‘lovga yo‘naltiriladigan, soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlari soliqdan ozod qilinadi.

Demak, bu imtiyoz ota-onaga farzandining yoki talabaning o‘ziga yoshidan qat’iy nazar kontrakti uchun ish haqi yoki rasmiy boshqa daromadlaridan (soliq to‘langan daromad) to‘lov qilgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom (Ro‘yxat raqami 2107) 16-bandiga asosan:

O‘zbekiston Respublikasining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish uchun to‘lov jismoniy shaxs tomonidan mustaqil ravishda (naqd pul hisobiga, jismoniy shaxslarning banklardagi omonat va boshqa hisob raqamlaridan yoki plastik kartalardan foydalangan holda) amalga oshirilganda, soliq chegirmasi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 396 — 398-moddalarida nazarda tutilgan tartibda davlat soliq xizmati organlariga jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirish yo‘li orqali berilishi mumkin.

Yuqoridagi qoidalarga muvofiq siz to‘lov kontrakti uchun to‘lagan pulingizni qaytarib olishingiz mumkin.

Faqat ushbu kontrakt uchun to‘langan pullar rasmiy manbaga asoslansa (ya’ni ushbu daromaddan soliq undirilgan bo‘lishi kerak), kontrakt summasidan soliqni qaytarib olishingiz mumkin.

 

  1. Savol: BIROVNING PASPORTIDAN GʻARAZLI MAQSADDA FOYDALANGAN SHAXSLARGA QANDAY JAVOBGARLIK BOR ?

Javob: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223 prim 1-moddasiga ko‘ra, boshqa shaxslarga tegishli bo‘lgan pasportlardan yoki identifikatsiyalovchi ID-kartalardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari (3 400 000 so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

 

  1. KORRUPSIYA HAQIDA OGOHLANTIRGAN SHAXSLARGA PUL MUKOFOTI BERILADI!

Vazirlar Mahkamasining 829-son qarori bilan tasdiqlangan "Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida" gi nizomga asosan:

-  Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslar BHMning 25 baravarigacha (8 mln 500 ming so‘m) miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan rahbatlantiriladi.

 

  1. Savol: Farzandini maktabga yubormagan ota-onalarga qonunchilikda qanday javobgarlik bor ?

Javob: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasida bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilishi ularga nisbatan bazaviy hisoblash miqdori (340 000)ning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

 

 

 

Gurlan tuman yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi bosh yuriskonsulti                                               Po‘latov Shoxrux Baxram o‘g‘li

Мавзуга оид