s
USD: Rub: Eur:
2023-11-27 128

Yangilangan Konstitutsiyada nikoh O‘zbekiston xalqining anʼanaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi nimani anglatadi?

Nikoh – ikki jins vakillarining o‘zaro roziligi asosida tuzilgan ittifoq bo‘lib, oilaning vujudga kelishida birdan-bir asos bo‘lgani bois u faqat axloq normalari bilan emas, balki maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Bugungi axborot jamiyati, globallashuv, siyosiy-maʼnaviy tahdidlar, ijtimoiy-demografik muammolar kontekstida oilaviy qadriyatlar va anʼanalarni rivojlantirish, avlodlar o‘rtasidagi vorislikni taʼminlash, ularni milliy maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar asosida birlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan, yangilangan Konstitutsiyaning 76-moddasida nikoh O‘zbekiston xalqining anʼanaviy oilaviy qadriyatlari, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishiga oid norma belgilandi.

Mazkur norma quyidagi jihatlari bilan ahamiyatlidir:

Birinchidan, O‘zbekiston xalqini millatidan qatʼi nazar, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tashkil etishini hisobga olgan holda nikoh tuzishda mamlakatimizda istiqomat qiluvchi millat va elatlarning urf-odatlari va anʼanalari, oilaviy qadriyatlari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.

Ikkinchidan, nikohning O‘zbekiston xalqining anʼanaviy oilaviy qadriyatlariga asoslanishini mustahkamlash orqali uning eng muhim maʼnaviy-axloqiy talab belgilandi. Oilaviy qadriyatlar – har bir oilaga xos bo‘lgan, oila uchun ustuvor hayotiy maqsadlarni belgilaydigan, oila aʼzolari o‘rtasidagi munosabatlarni tashkil etadigan va uning hayotiga taʼsir qiluvchi g‘oyalar to‘plamidir. Xalqimizning anʼanaviy oilaviy qadriyatlari – mehnatsevarlik, sadoqat, samimiyat, ishonch, vatanni sevmoqlik, adolat, poklik, to‘g‘rilik singari fazilatlar shaxsiy namuna sifatida ota-ona orqali farzandga berilishida namoyon bo‘ladi.

Shu bilan birga, oilaviy munosabatlar, xususan nikoh tuzilishi tartibi nafaqat Konstitutsiya, qonunlarimiz, shu jumladan Oila kodeksi bilan ham tartibga solinadi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga ko‘ra, oilaviy munosabatlar erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi asosida amalga oshiriladi.

O‘xshash normalar Italiya, Braziliya, Portugaliya, Irlandiya, Misr kabi davlatlar konstitutsiyalarida belgilangan.

Mazkur normaning kiritilishi jamiyat hayotida anʼanaviy oilaviy qadriyatlarning o‘rni va ahamiyatini oshirishga, ularni yot g‘oyalar taʼsiridan himoya qilishga va oila institutini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Tuproqqal’a tuman Yuridik

xizmat ko`rsatish markazi

Bosh yuriskonsulti                                                               Eshchanov Ixlosbek Ilhom o`g`li

Мавзуга оид