s
Oʻzbekiston "Davlat boji toʻgʻrisida"gi Qonunda davlat bojini qaytarish tartibi belgilangan. Davlat boji quyidagi hollarda toʻliq yoki qisman qaytarilishi kerak:
-davlat boji qonunchilikda talab qilinganidan ortiqcha miqdorda toʻlanganida;
-sud daʼvo arizasini (arizani, shikoyatni) qaytarganda yoki qabul qilishni rad etganda, shuningdek,notarius notarial harakatlarni amalga oshirishni rad etganda;
-apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyati qaytarilganda yoki uni qabul qilish rad etilganda;
-davlat boji toʻlangan daʼvo arizasi (ariza, shikoyat) yoki apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyati sudga kelib tushmaganda;
-agar ish sudga taalluqli boʻlmasa, ishni yuritish tugatilganda, bundan ish taalluqliligiga koʻra boshqa sudga koʻrib chiqish uchun oʻtkazilgan hollar mustasno;
-ariza koʻrmasdan qoldirilganda, agar u muomalaga layoqatsiz shaxs tomonidan berilgan boʻlsa;
-sudning yoki hakamlik sudining ish yurituvida ayni bir taraflar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan ish mavjud boʻlsa, ariza koʻrmasdan qoldirilganda;
-agar taraflar oʻrtasida nizoni hal qilish uchun hakamlik sudiga topshirish toʻgʻrisida hakamlik bitimi tuzilgan boʻlsa, ariza koʻrmasdan qoldirilganda;
-agar taraflar oʻrtasida mediativ kelishuv tuzilgan boʻlsa, ariza koʻrmasdan qoldirilganda;
-ishda ishtirok etgan shaxs vafot etganida, agar nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yoʻl qoʻymasa;
-voyaga yetmagan bolalari boʻlmagan er-xotinning nikohi oʻzaro rozilik asosida bekor qilinganligini qayd etish uchun davlat boji toʻlanganda, agar er-xotinning yarashishi yoki ulardan birining sudga kelmaganligi tufayli nikohni bekor qilish amalga oshirilmagan boʻlsa;
-agar ishda ishtirok etayotgan yuridik shaxs tugatilgan boʻlsa;
-sud buyrugʻini chiqarish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish rad etilganda;
-Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolariga va Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga xorijga chiqish huquqi uchun hujjat berish rad etilganda.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti daromadiga oʻtkazilgan davlat bojini qaytarish toʻgʻrisidagi qaror soliq organi tomonidan davlat organi yoki tashkilotning tegishli xabarnomasi olingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida qabul qilinadi. Davlat bojini qaytarish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda soliq organi davlat bojini toʻlovchiga qaytarishni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Gʻaznachiligiga qaytarish toʻgʻrisida tegishli topshiriqnoma yuboradi.
Gurlan tuman YXKM boshlig‘i E.Raxmatillayev