s
USD: Rub: Eur:
2023-06-07 633

O‘zbekistonning Yangi Konstitusiyasidagi asosiy o‘zgarish

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining yangi tahriri 2023 yil 1 maydan e’tiboran kuchga kirdi. Bunga 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendum natijasiga ko‘ra 11 ta moddadan iborat tegishli qonunning qabul qilinishi asos bo‘ldi.

Bunga qadar 1992 yildan buyon konstititusiyaga jami 15 marta o‘zgartish kiritilgan edi. Bu safar esa o‘zgarishlar ko‘lami kattaligi sabab hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida, bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Umuman, rasmiylarga ko‘ra, konstitusiya 65 foizga yangilangan.

Quyida nazaridagi eng muhim yo‘nalishda ro‘y bergan o‘zgarishlar keltirib o‘tiladi.

 

Davlat boshqaruvidagi o‘zgarishlar. Prezidentning vakolat muddati 7 yil bo‘ldi

O‘zbekistonning yangi tahrirdagi konstitusiyasiga binoan:

  • Prezidentning vakolat muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirildi. Prezidentning “davlat boshlig‘i” maqomi, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq prezident bo‘lishi mumkin emasligi haqidagi qoida, prezidentning qasamyodi matni va prezidentga taalluqli boshqa aksariyat normalar o‘zgarishsiz qoldirildi. Ma’lumot uchun, prezidentning vakolat muddati 2003 yilda ham 5 yildan 7 yilga uzaytirilgan, 2011 yilda esa qaytib 7 yildan 5 yilga tushirilgan edi.
  • Bosh vazir nomzodini endi prezident taqdim etadi. Prezident bosh vazir nomzodini taqdim etishdan oldin parlamentga kirgan barcha partiyalarning fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishi belgilandi. Qonunchilik palatasi prezident taqdim etgan nomzodni ko‘rib chiqadi, agar deputatlarning yarmidan ko‘pi ma’qullasa, bosh vazir lavozimga tasdiqlanadi. Agar deputatlar nomzodni uch marta rad etsa, prezident bosh vazirni tayinlab, Qonunchilik palatasini tarqatib yuborishga haqli. Avvalgi tartibga ko‘ra, bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasida eng ko‘p o‘rinni egallagan partiya taklif qilar, prezident ma’qullagach, nomzod ikki palata tomonidan tasdiqlanishi talab etilardi.
  • Senatorlar soni 100 nafardan 65 nafarga tushiriladi. 14 ta hududdan 6 nafardan emas, 4 nafardan senator saylanadi, prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni 16 nafardan 9 nafarga qisqaradi. Bu o‘zgarish 2024 yilda bo‘ladigan parlament saylovi vaqtida kuchga kiradi. Qonunchilik palatasi deputatlari sonini (150 nafar) oshirmaslikka, o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qilindi.
  • Bosh vazirni tayinlash va unga ishonchsizlik votumi bildirishda Senatning ishtiroki bekor qilindi. Endilikda buning uchun deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismi ovoz berishi yetarli (avval har ikki palata a’zolarining uchdan ikki qismi ovoz berishi zarur edi; eslatib o‘tamiz, ishonchsizlik votumi e’lon qilinsa, prezident bosh vazirni lavozimidan ozod etadi). Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi hukumat a’zolarini iste’foga chiqarish to‘g‘risida prezidentga taklif kiritish vakolatiga ega bo‘ldi. Bosh vazir va hukumat a’zolarining hisobotlarini eshitish ham quyi palataning vakolatiga o‘tkazildi.
  • Korrupsiyaga va monopoliyaga qarshi kurashish organlari rahbarlarini prezident taqdimiga binoan saylash Senatning vakolatiga kiritildi. Senat, shuningdek, eng yuqori rangdagi sud mansabdorlarini saylaydi, bosh prokuror va Hisob palatasi raisligiga nomzodlarni ko‘rib chiqib ma’qullaydi, DXX raisligiga nomzod bo‘yicha prezident bilan maslahatlashuv o‘tkazadi, Markaziy bank raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, xorijdagi asosiy diplomatlarni tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi (bularning barchasi prezident taqdimiga binoan amalga oshiriladi). Bundan tashqari, Senat mahalliy kengashlarning qonunga zid qarorlarini bekor qilish vakolatiga ega bo‘ldi.
  • Qonunchilik palatasi qonunlar bo‘yicha qo‘shimcha vakolatga ega bo‘ldi. Unga ko‘ra, endilikda Senat qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida 60 kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi qonunni prezidentga yuboradi. Qonunlarning prezident tomonidan imzolanishi va e’lon qilinishi uchun belgilangan muddat 30 kundan 60 kunga uzaytirildi. Prezident tomonidan qaytarilgan qonun parlament palatalari tomonidan yana qabul qilingan taqdirda, prezidentning bu qonunni imzolash va e’lon qilish muddati o‘zgarishsiz (14 kun) qoldirildi.
  • Prezident muddatidan ilgari prezident saylovini tayinlashga haqli ekani belgilandi. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi va Senatga palata a’zolarining kamida uchdan ikki qismining ovozi bilan o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati berildi. Shuningdek, jiddiy voqealar ro‘y berganida, ikki palata qo‘shma qaror qabul qilgan holda parlament tekshiruvi o‘tkazishi mumkinligi ko‘rsatildi.
  • Sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmaydi. Konstitusiyaga qo‘shilgan bu norma bo‘yicha ham huquqiy sharhga zarurat bor. “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunda “hisobdor” tushunchasi uchramaydi. Sudyalarning o‘zlari chiqargan qarorlari bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi odil sudlovni ta’minlashga qanday ta’sir qilishi – izohtalab holat, bizningcha.
  • Konstitusiyaviy sud sudyalari 10 yil muddatga saylanadi va qayta saylanishi mumkin bo‘lmaydi. Avvalgi tartibga ko‘ra, bu muddat birinchi marta saylanganida 5 yil, keyingisida 10 yil edi.

Ayni bir shaxs surunkasiga ikki martadan ortiq lavozimni egallashi mumkin emasligi haqidagi qoida, prezidentdan tashqari, Senat raisi, Qonunchilik palatasi spikeri, Oliy sud raisi va o‘rinbosari, Sudyalar oliy kengashining raisi va o‘rinbosari, Markaziy saylov komissiyasi raisi hamda bosh prokurorga nisbatan ham tatbiq etilmoqda. Hokimlar va kengashlar raislari bo‘yicha esa bu qoida surunkasiga ikki martadan ortiq aynan bitta viloyat, tuman yoki shaharda hokim yoki kengash raisi bo‘lishni cheklaydi; ya’ni bir shaxs surunkasiga ikki martadan ortiq turli hududlarda hokim yoki kengash raisi bo‘lishi mumkin.

Referendumda qabul qilingan qonunning 7-moddasi bilan, barcha darajadagi davlat mansabdorlarining ayni paytga qadar egallab kelgan muddatlari nollashtirildi. Ular lavozimlarini egallab kelayotganining surunkali muddatlari sonidan qat’i nazar, boshqa fuqarolar bilan teng ravishda xuddi shu lavozimlarga saylanish va tayinlanishga haqli, deb belgilandi.

 

Yangibozor tuman adliya bo’limi yuridik xizmat

ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti   U.Allamov

 

Мавзуга оид