s
USD: Rub: Eur:
2025-06-29 616

Yer uchastkalarini olib qo‘yish, uy-joy qurish va ta’mirlash uchun ssudalar ajratish tartibi qanday?

Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishga faqat yer uchastkasi olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkazilganidan, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyin yo‘l qo‘yiladi.

Kimlar uy-joy qurish uchun yer uchastkalarini olish, sotib olish huquqiga ega?

Fuqarolar uy-joy qurish uchun belgilangan tartibda yer uchastkalari olish huquqiga ega. Uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkasidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan muddatlarda belgilangan maqsadda foydalanish lozim.

Fuqarolar boshqa uy-joy binolari, shu jumladan boshqa aholi punktlarida ham, bor-yo‘qligidan qat’i nazar uy-joy qurish uchun belgilangan tartibda yer uchastkalari sotib olish huquqiga ega.

Fuqarolarga tegishli bo‘lgan turar joy qanday holatda buzishga ruxsat etiladi?

Yer uchastkalarini olib qo‘yishda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar va inshootlarning buzilishiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat beriladi.

2019 yil 5 avgustdan boshlab yer uchastkalarini olib qo‘yish hamda ko‘chmas mulk ob’ektlarini buzish ishlari tegishli bosqichlarda amalga oshiriladi.

Bosqichlar:

birinchi bosqichda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan buzilishi rejalashtirilgan hudud bo‘yicha materiallar to‘plami Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;

ikkinchi bosqichda — Vazirlar Mahkamasida shaharsozlik talablari bo‘yicha – Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – transport vaziri va moliyaviy hisob-kitoblar bo‘yicha Bosh vazirning o‘rinbosari – moliya vaziri tomonidan xulosa tayyorlanadi;

uchinchi bosqichda — tayyorlangan xulosa O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tumanlar (shaharlar) hokimlari yer uchastkalarining olib qo‘yilishida qonun hujjatlariga to‘liq rioya etilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Uy-joy fondini qurish, qayta qurish va ta’mirlash huquqi yakka tartibda imorat quruvchiga yoxud ushbu uy-joy fondi foydalanish uchun yoki ijaraga berib qo‘yilgan jismoniy yoki yuridik shaxsga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, shuningdek bunday huquqni mulkdor shartnoma asosida bergan yakka tartibda imorat quruvchiga beriladi.

Joriy va tubdan ta’mirlash qanday tartibda o‘tkaziladi?

Davlatga qarashli va xususiy uy-joy fondlarini joriy va tubdan ta’mirlash, shuningdek ulardan foydalanish uy-joy fondidan foydalanish, uni ta’mirlashning yagona qoidalari va normalariga so‘zsiz rioya qilgan holda amalga oshiriladi.

Davlatga qarashli uy-joy fondidan foydalanish va uni ta’mirlash tasarrufida va balansida ushbu uy-joy fondi bo‘lgan korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan yoki mahalliy davlat hokimiyati organlari va uy-joylardan foydalanish tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Yakka tartibdagi uy-joy binolaridan foydalanish va ularni ta’mirlash uy egalarining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Xususiylashtirilgan kvartiralar va uylardan, uy-joy va uy-joy-qurilish kooperativlariga qarashli uylardagi kvartiralardan foydalanish va ularni ta’mirlash, shu jumladan tubdan ta’mirlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Uy-joy qurish yoki sotib olish chog‘ida fuqarolarga kredit va ssudalar berish

Fuqarolar uy-joy qurish yoki sotib olish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda kredit va ssudalar olish huquqiga ega.

2024 yil 1 iyundan “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy etildi.

Bunda:

— ipoteka kreditlari 120 million so‘mgacha miqdorda, 20 yilgacha muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz bandga yuqori stavkada yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash maqsadlari uchun ajratiladi;

— ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun – ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida hamda foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun – kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya to‘lanadi.

Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti  Sadikova Manzura

Мавзуга оид