s
USD: Rub: Eur:
2025-03-30 788

Shaxsga doir maʼlumotlar haqida bilishingiz kerak boʻlgan 5 ta fakt

  1. Telefon raqam shaxsga doir maʼlumotga kiradi

Shaxsga doir maʼlumotlar – muayyan shaxsga taalluqli boʻlgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elek­tron tarzda, qogʻozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etil­gan axborot.

Shunga koʻra, shaxsga doir maʼlumotlar qatoriga shaxsning ism-familiyasi, pasporti (ID-karta) va boshqa shaxsiy hujjatlarida­gi qaydlar, tugʻilgan sanasi va joyi, e-mail manzili, telefon raqa­mi, yashash, oʻqish va ishlash joylari, oilaviy, ijtimoiy va mulkiy holati, qayerda taʼlim olgani, qaysi kasb egasi ekanligi, daromadi qanchaligi, fiziologik va biologik xususiyatlari kabi maʼlumotlar kiradi.

  1. Shaxsga doir maʼlumotlardan baʼzi hollarda foydalanish mumkin

Shaxsga doir maʼlumotlarga quyidagi holatlarda ishlov berish mumkin (Ishlov berish deganda maʼlumotlarni yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, ulardan foydalanish, berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yoʻq qilish tushuniladi):

▪️ maʼlumot egasining roziligi boʻlganida, masalan, Bringo, Yandex va boshqalardan foydalanganda;

▪️maʼlumot egasi shartnomaga kirishganda, Edu.uz portali orqali oʻqishga hujjat topshirganda;

▪️davlat organlari yoki boshqa subʼektlarning qonunchilikda belgilangan majburiyatlarini bajarish uchun, masalan, say­lovchilar roʻyxatini shakllantirish, doimiy roʻyxatga olish, pasport yoki ID-karta berish;

▪️ ma’lumot egasining yoki boshqa shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun, masalan, sud jarayonlarida, qarzni undirish masalalari, “Uzimei”dan roʻyxatdan oʻtkazish va h.k.;

▪️ maʼlumot egasining yoki boshqa shaxsning huquqlari­ni amalga oshirish uchun, masalan, ejarima.uz portalida maʼlumotlardan foydalanish;

▪️shaxsga doir maʼlumotlarga ularni majburiy ravishda egasizlantirish sharti bilan statistik yoki boshqa tadqiqot maqsadlarida ishlov berilganda, masalan, Statistika agent­ligi tomonidan maʼlumotlarga ishlov berish;

▪️maʼlumotlar hamma foydalanishi mumkin boʻlgan man­balardan olingan boʻlsa, masalan, ijtimoiy tarmoqlardagi, rasmiy veb-saytlardagi maʼlumotlar.

  1. Shaxsga doir maʼlumotlardan boshqa maqsadlarda foydala­nish mumkin emas

Shaxsga doir maʼlumotlardan foydalanish ularni yigʻayotgan­da aytilgan maqsadlarga muvofiq boʻlishi kerak, masalan, davlat xizmati koʻrsatish jarayonida boshqa shaxs maʼlumotlarini bilib olib uning nomidan kredit olish yoki boshqa bir harakat qilishi mumkin emas. Shaxsga doir maʼlumotlarni boshqa uchinchi shaxsga berish maʼlumot egasi xohishiga koʻra amalga oshiriladi, agar maʼlumotlar boshqa shaxsga berilganda, maʼlumot egasi 3 kunda yozma xabardor qilinishi kerak.

Quyidagi hollarda maʼlumot egasi xabardor qilinmaydi:

▪️ davlat organlari vakolatlarini amalga oshirayotganda;

▪️maʼlumotlar tarixiy, statistik, sotsiologik yoki ilmiy ma­qsadlarda berilganda;

▪️shaxsga doir maʼlumotlar hamma foydalanishi mumkin boʻlgan manbalardan yigʻilganda.

  1. Shaxsga doir maʼlumotlarni egasining roziligisiz tarqatish mumkin emas

Maʼlumot egasining roziligisiz hamda qonuniy asos boʻlma­ganida shaxsga doir maʼlumotlarni oshkor etish va tarqatish mumkin emas.

Erkin foydalanilishi mumkin boʻlgan yoki maxfiylikka rioya etishga doir talablar tatbiq etilmaydigan maʼlumotlar hamma foydalanishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar hisoblanadi.

Aholini axborot bilan taʼminlash uchun shaxsga doir ma’lumotlarning hamma foydalanishi mumkin boʻlgan man­balari (shu jumladan biografik maʼlumotnomalar, telefon, manzil kitoblari, hamma foydalanishi mumkin boʻlgan elektron axborot resurslari) yaratilishi mumkin.

Masalan, davlat va xususiy tashkilotlar saytlariga joylashtiril­gan xodimlar, rahbarlarga oid maʼlumotlar. Bundan tashqari, ijti­moiy tarmoqlarga shaxs oʻzi joylagan maʼlumotlar.

  1. Shaxsga doir maʼlumotlarni tarqatganlik uchun javobgarlik bor

Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida­gi hamda Jinoyat kodekslari tegishli moddalariga binoan shaxsga doir maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yoʻq qilish, xuddi shuningdek axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berilayotganda jisman Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestrida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan shaxsga doir maʼlumotlar bazalarida shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻishga, tizimlashtirishga va saqlashga oid talablarga rioya etmaslik javobgarlikka sabab boʻladi.

Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish fuqarolarga BHMning 7 baravari, mansabdor shaxslarga esa – 50 baravari miqdorida maʼmuriy jarima solishga sabab boʻladi.

Ushbu harakatlar maʼmuriy jarimadan keyin sodir etilsa BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha jarima yoki 3 yil­gacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

 

Gurlan tuman YXKM boshlig‘i                       E.Raxmatillayev

Мавзуга оид