s
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab quvvatlash maqsadida mamlakatimizda turli izchil islohotlar davom ettirilmoqda. Shunday islohotlardan biri uy joy kommunal xizmatlarini to‘lashda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha imtiyozlarning joriy etilishidir. Bu imtiyozlar kompensatsiyalar shaklida taqdim etilmoqda.
Kompensatsiyalar – ayrim toifadagi o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun davlat tomonidan beriladigan moddiy yordam ko‘rinishidagi to‘lovlardir. Uy joy kommunal xizmatlarini to‘lashda ajratiladigan kompensatsiyalar quyidagi toifa shaxslargagina taqdim etiladi:
2022-yil 1 martdan boshlab kompensatsiya to‘lovi, uni olish huquqiga ega bo‘lgan barcha imtiyozli toifadagi shaxslarga, ushbu shaxslarning pensiya olishi yoki olmasligi hamda mehnat faoliyatini olib borishi yoki olib bormasligidan qat’iy nazar to‘lab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz pensionerlar, ko‘rish bo‘yicha II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kompensatsiya to‘lovlarining miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 45 foizini tashkil etadi.
2025-yil iyun oyi holatiga ko‘ra pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 428 000 so‘mni tashkil etadi.
Kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar kompensatsiya olish huquqini beruvchi hujjatlarni (Tibbiy ijtimoiy ekspertiza komissiyasi xulosasi yoki pensiya guvohnomasi va hokazo) ilova qilgan holda kompensatsiya tayinlash to‘g‘risida ariza bilan Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilishlari lozim.
Agar arizachi ko‘rish bo‘yicha II guruh nogironi hisoblansa, arizaga ilova qilib kompensatsiya olish huquqini beruvchi hujjat talab etilmaydi. Mazkur shaxslarning kompensatsiya olish huquqi “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan olingan elektron ko‘rinishdagi ma’lumotlar asosida aniqlanadi.
Kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga kompensatsiya olish huquqini beruvchi hujjatni ilova qilgan holda kompensatsiya tayinlash to‘g‘risida ariza topshirilgach keyingi oyning birinchi kunidan tayinlanadi.
Masalan: bugun 25 iyun va siz kompensatsiya tayinlash to‘g‘risida ariza bilan Pensiya jamg‘armasiga murojaat qildingiz. Agar siz kompensatsiya to‘lovlarini olish huquqiga ega shaxslar toifasiga kirsangiz, 1 iyul sanasidan boshlab sizga kompensatsiya to‘lovlari to‘lab boriladi.
O‘z navbatida, ta’kidlab o‘tish kerakki, uy joy kommunal xizmatlari uchun to‘lab beriladigan kompensatsiyalardan soliq undirilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 369-moddasi birinchi qism 6-bandiga muvofiq, uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha har oylik kompensatsiya pul to‘lovlari jami daromadlar sirasiga kirmasligi belgilangan. Jami daromadlarga kirmaydigan daromadlardan daromad solig‘i undirilmaydi.
Kompensatsiyalar har oyda korxona shtatida turgan har bir xodimga ish joyida, pensionerlarga va nafaqa oladigan nogironligi bo‘lgan bolalar hamda mehnatga qobiliyatsiz keksa fuqarolarga — pensiya (nafaqa) olish joyida to‘lanadi.
Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti Urazbayev Tursunboy